Bog‘ot tumanidagi «Ma'naviyat» mahallasi qachon obod bo‘ladi?
2018 yil mart oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Obod qishloq» dasturi to‘g‘risida»gi farmoni imzolandi.
Unda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarini barcha hududlarda amalga oshirish orqali qishloq aholisi uchun munosib sharoitlar yaratish va ularning turmush madaniyatini yanada yuksaltirish, qishloq aholi punktlarining me'moriy qiyofasini tubdan yangilash, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi hamda ijtimoiy soha obektlarini barpo etish va shu asosda aholining turmush madaniyatini yuksaltirish va dunyoqarashini kengaytirish asosiy vazifa ekani belgilab qo‘yilgan.
Bu farmon asosida Xorazm viloyati, Bog‘ot tumani, Mirishkor qishlog‘idagi «Ma'naviyat» mahallasi ham «Obod qishloq» dasturiga kiritildi.
«Ma'naviyat» mahallasida 5 mingdan ortiq aholi 900ga yaqin xonadonda yashamoqda. «Obod qishloq» dasturi bo‘yicha mahallada 712ta uy-joyni ta'mirlash, 5,5 km uzunlikda ichimlik suvi tarmog‘ini o‘tkazish, 0,7 km uzunlikda oqova suv inshootlarini o‘rnatish, 0,8 km uzunlikda elektr tarmog‘ini, 0,6 km uzunlikda tabiiy gaz tarmog‘ini o‘tkazish, 3,0 km uzunlikdagi ichki yo‘llarni, 2 km uzunlikda piyodalar yo‘laklarini ta'mirlash, 3ta ijtimoiy soha, 6ta maishiy xizmat obektlarini qurish va ta'mirlash, 1ta ko‘mir ombori, 1ta suyultirilgan gaz shoxobchasini yangidan qurish, 300ta ko‘cha chiroqlarini o‘rnatish, 2,5 km uzunlikda gulzorlar tashkil etish ko‘zda tutilgan edi.
Bu ishlarni moliyalashtirish uchun jami 7 milliard 515 million so‘m ajratilgan.
Biroq «Ma'naviyat» mahallasi aholisining so‘zlariga ko‘ra, rejadagi ishlar to‘liq bajarilmagan. Bunda asosiy e'tiroz yo‘llarning abgor ahvoliga qaratilmoqda.
Mahalla yo‘llarining ahvolini ko‘rib, «Obod qishloq» dasturi asosida obod qilinganiga ishonish qiyin. Bu yo‘llar yomg‘ir-qorli mavsumda botqoqqa aylanadi, issiq-quruq mavsumda esa chang-to‘zon ostida qoladi. Mahalla hududini aylanar ekanmiz, dov-daraxtlar, uylarning tomlari, avtomashinalar changga ko‘milganini kuzatish mumkin. Bu yo‘llardan har kuni ishga, yumushga o‘tadigan odamlar, bog‘chaga, maktabga qatnaydigan bolalarning ahvoliga faqat achinish mumkin.
Bu murojaat bo‘yicha Bog‘ot tumani hokimining sanoatni rivojlantirish, kommunikatsiya va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Ulug‘bek Matyaqubovdan izoh oldik, hujjatlar bilan tanishdik.
Dastur bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar hisobotiga ko‘ra, «Ma'naviyat» mahallasida 712ta uy-joy ta'mirlangan, 150ta uydan 88tasining tomi yopilgan, 890ta uyning fasadi ta'mirlangan, 27ta noqonuniy qurilma buzilgan, 22ta ko‘cha chirog‘i o‘rnatilgan, 13 km uzunlikdagi ariqlar tozalangan, 4700ta manzarali daraxt, 3350 tup gul ko‘chatlari ekilgan, 16-son maktabgacha ta'lim muassasasi va 23-son maktab binosi to‘liq ta'mirlangan, 3,3 km uzunlikdagi yo‘l ta'mirlangan, 4,3 km ichimlik suvi tarmog‘i o‘tkazilgan, 1 km gaz quvuri yotqizilib, 0,8 km elektr simi tortilgan.
Ulug‘bek Matyaqubov so‘zlariga ko‘ra, «Ma'naviyat» mahallasida ishlarning chala qolishiga tajribasizlik va mablag‘ tanqisligi sabab bo‘lgan.
«Obod qishloq» dasturi bo‘yicha ishlar 2018 yili ilk marta boshlandi. Bu tadbir bo‘yicha tajribamiz yo‘qligi sababli kamchiliklar ham bo‘ldi. Bog‘ot tumani bo‘yicha «Ashxobod» va «Ma'naviyat» mahallasi «Obod qishloq» dasturiga tushgan edi. «Ma'naviyat» mahallasiga 7,5 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi. Ularning asosiy qismi maktab va bog‘chani ta'mirlashga sarflandi. Endi oxiriga yetkazilmay qolgan ishlarni mahalliy budjet hisobidan moliyalashtirib, 2019 yil davomida yakunlaymiz. Hozir bu tadbirlar «Ashxobod» mahallasida davom ettirilmoqda. Ishlar yakunlangach, «Ma'naviyat» mahallasidagi kamchiliklar bartaraf qilinadi», - dedi Matyaqubov.
Savol: «Obod qishloq» dasturiga asosan, «Ma'naviyat» mahallasida 3 km avtomobil yo‘llarini ta'mirlash ko‘zda tutilgan edi, ammo hisobotda 1,1 km ta'mirlangani ko‘rsatilgan, biroq asfalt yotqizilmagan. 2 km piyodalar yo‘lagidan faqat 300 metr yo‘lak ta'mirlangan, xolos.
«Obod qishloq» dasturi bo‘yicha ichki yo‘llarga asfalt qoplamasi emas, balki ShQA (shag‘al-qum aralashmasi yoki ShPS – «shebenno-pesochnaya smes») yotqizilishi ko‘zda tutilgan. Yo‘llarni ta'mirlash ishlari chala qolgani yuqorida aytilganidek mablag‘ tanqisligi bilan bog‘liq. To‘g‘ri, ShQA yotqizilganida issiq va quruq havoda chang-to‘zon ko‘tariladi. Ammo har bir xonadon egasi o‘z uyining oldidagi yo‘lga suv sepib tursa, bunday holat yuz bermaydi. Ichki yo‘llarga asfalt yotqizish «Obod qishloq» dasturida ko‘zda tutilmagan», - deydi Matyaqubov.
«Obod qishloq» dasturi bo‘yicha yo‘llarga asfalt emas, balki ShQA yotqizilishi Xorazm viloyatining issiq va quruq ob-havo sharoitiga qanchalik mos ekani yaxshilab o‘rganib chiqilganmikan? Ha, ShQA yo‘llarning notekisligini bartaraf qilishga qisman imkoniyat beryapti, ammo chang-to‘zon odamlarga qo‘shimcha noqulayliklar tug‘dirmoqda. Unga suv sepib turish uchun har bir xonadondan kimdir shu ish bilan muntazam shug‘ullanishiga to‘g‘ri keladi. Buning qanchalik imkoni borligini esa bilmadik...
Bog‘ot tumani hokimligi «Ma'naviyat» mahallasidagi «Obod qishloq» dasturi bo‘yicha qilinishi lozim bo‘lgan, biroq oxiriga yetkazilmay qolgan ishlarni 2019 yil davomida yakunlashga, kamchiliklarni bartaraf qilishga va'da bermoqda. O‘z navbatida biz ham bog‘otliklar faqat qog‘ozdagi emas, balki haqiqiy obod qishloqda, obod mahallada farovon hayot kechiradilar degan umiddamiz.
Nurmuhammad Said
Mavzuga oid
13:08 / 10.05.2023
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlariga ovoz berish noyabr–dekabr oylarida o‘tkaziladi
17:06 / 04.05.2023
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari jamoatchilik fikri asosida tashabbusli budjetlashtiriladi
09:31 / 12.10.2022
«Obod qishloq» va «Obod mahalla» ijrosi bo‘yicha mingdan ortiq mas’ul javobgarlikka tortildi
17:43 / 10.10.2022