2026-yilning birinchi yarim yilligida Rossiyada xorijiy fuqarolar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni 40 foizga kamayib, 14,5 mingtani tashkil etdi. Bu haqda Rossiya IIV rahbarining birinchi oʻrinbosari Andrey Kikot prezident Vladimir Putin bilan uchrashuvda maʼlum qildi.

Taqqoslash uchun, oʻtgan yil yakunlariga koʻra xorijliklar tomonidan 41 mingta jinoyat sodir etilgan edi.

Kikot ushbu koʻrsatkichning pasayishini, jumladan, migratsiya xizmati vakolatlari kengaytirilgani bilan izohladi. Hozir asosiy eʼtibor «uyushgan jinoiy guruhlarni, noqonuniy migratsiya kanallarini va qalbaki hujjatlar tayyorlaydigan yashirin bosmaxonalarni aniqlashga» qaratilmoqda. Aniqlangan uyushgan guruhlar soni 30 foizga oshdi.

Xorijliklar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarning yarmidan sal kami Moskva shahri, Moskva viloyati va Sankt-Peterburg hissasiga toʻgʻri keladi. Boshqa hududlarda bu koʻrsatkich oʻrtacha 2–3 foizni tashkil etadi.

Shu bilan birga, IIV migratsiya nazoratini kuchaytirdi. Reydlar soni 155 mingtaga, tekshirilgan yuridik shaxslar soni esa 43 foizga koʻpaydi. Rossiyadan 100 mingga yaqin xorijlik chiqarib yuborildi, ulardan 75 ming nafari majburiy tartibda. Qonunchilikni buzgan 197 ming nafar xorijlikning mamlakatga kirishi taqiqlandi.

Bundan tashqari, aniqlangan qalbaki va qasddan yolgʻon maʼlumotlar kiritilgan hujjatlar soni oʻn baravar oshdi. Tekshiruvlar yakunlari boʻyicha vaqtincha yashash uchun 20 mingta ruxsatnoma va yashash guvohnomasi bekor qilindi.

Transport tugunlarida va davlat chegarasidan oʻtkazish punktlari yaqinida migratsiya nazorati punktlari tashkil etilmoqda. Hozirda shunday 23 ta punkt faoliyat koʻrsatyapti. Kikotning soʻzlariga koʻra, yangi mexanizm noqonuniy muhojirlarni chegara punktlaridan oʻtkazmaslikka hamda qonunbuzarlikdan soʻng Rossiyani tark etayotgan xorijliklarning mamlakatga «qayta kirish yoʻlini toʻsishga imkon beradi».

IIV koʻrilgan choralar natijasida Rossiyada boʻlib turgan xorijliklar soni 8 foizga qisqarganini qayd etmoqda. Shu bilan birga, «qonuniy mehnat qilayotgan migrantlar soni ortib bormoqda».

2027-yilda IIV sunʼiy intellektdan ham foydalanadigan tahliliy markazni ishga tushirishni rejalashtirmoqda. U chegara va migratsiya nazorati, yuzni tanish kameralari, ish beruvchilar hamda davlat organlarining maʼlumotlarini birlashtiradi.

IIV maʼlumotlariga koʻra, har yili Rossiyaga 9 millionga yaqin xorijlik keladi. Ayni vaqtda mamlakatda 6–6,5 million nafar xorijiy fuqaro, jumladan, 3 millionga yaqin mehnat migranti va ularning 1,7 million nafar oila aʼzosi istiqomat qiladi.