O‘zbekiston | 13:17 / 02.10.2024
28068
4 daqiqa o‘qiladi

Agrar universitetdagi yong‘in: binolardan birining tomida quyosh panellari bo‘lgan

Mavjud tasvirlar yong‘in quyosh panellari o‘rnatilgan tomda boshlangan bo‘lishi mumkinligiga ishora qilmoqda. Bu binoda O‘rmon xo‘jaligi agentligi joylashgan. Agentlik 2023 yilda bino tomiga 40 kWh quvvatga ega quyosh panellari o‘rnatgan. Holatni yoritish uchun borgan jurnalistlarni “bir tiyinga qimmat muxbirchalar” deb atagan agentlik matbuot kotibi Yulduz Oripova yong‘in quyosh panellaridan kelib chiqqanini rad etdi.

Sun’iy yo‘ldosh tasvirlari

30 sentabr kuni Toshkent davlat agrar universiteti hududida sodir bo‘lgan yirik yong‘indan bir nechta bino jiddiy talafot ko‘rdi: 2 ta bino yonib ketdi, yana ikkitasiga shikast yetdi.

Guvohlarning so‘zlari va mavjud tasvirlar yong‘in quyosh panellari o‘rnatilgan tomda boshlanganiga ishora qilmoqda.

Tomida quyosh panellari o‘rnatilgan 5 qavatli binoda O‘rmon xo‘jaligi agentligi joylashgan. Unga tutash binolar esa Agrar universitetning o‘quv binolari va yotoqxonasi hisoblanadi.

O‘rmon xo‘jaligi agentligi 2023 yilning fevral oyi oxirida agentlik binosi tomiga 40 kWh quvvatga ega quyosh panellari o‘rnatish uchun tanlov e’lon qilgan. 440 mln so‘mlik boshlang‘ich summa bilan e’lon qilingan tanlovda 380 mln so‘mlik taklif bilan “Smart Solutions system” MChJ g‘olib bo‘lgan.

Agentlik va “Smart Solutions system” MChJ o‘rtasida 2023 yil 3 mart kuni quyosh panellari o‘rnatish bo‘yicha shartnoma imzolangan. Unda agentlik binosi tomiga 40 kWh quvvatga ega quyosh panellari o‘rnatish ko‘zda tutilgan.

Shartnomada ko‘rsatilishicha, pudratchi montaj ishlari uchun 5 yil kafolat bergan.

Ochiq manbalarga ko‘ra, 2019 yil dekabrida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “Smart Solutions System” MChJ o‘lchash, nazorat, sinash va navigatsiya uchun asbob-uskunalar ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanadi. MChJ 2023 yilda quyosh panellari o‘rnatish bilan bog‘liq o‘ndan ortiq tenderlarda g‘olib bo‘lgan.

Agentlik matbuot xizmati rahbari Yulduz Oripovaning ijtimoiy tarmoqda yozishicha, yong‘in uyushtirilgan. U keyinroq o‘chirib yuborilgan postida holatni yoritish uchun borgan jurnalistlarni “bir tiyinga qimmat muxbirchalar” deb atagan.

Oripova Kun.uz bilan suhbatda yong‘inning uyushtirilgan ekani uning shaxsiy taxmini bo‘lgani, postni hissiyotga berilgan holda yozganini ma’lum qildi.

Shuningdek, u yong‘in agentlik binosi tomidagi quyosh panellaridan kelib chiqqan bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminni rad etdi.

Bu mantiqqa ham to‘g‘ri kelmaydi. Negaki, yong‘inda bizning binomiz ko‘p zararlanmadi. Qo‘shni binodan o‘tgani uchun 4-qavat va tomimizga zarar yetgan. Agar yong‘in quyosh panellaridan kelib chiqqanida, avvalo bizning binomiz kul bo‘lardi. Yong‘in o‘chog‘i bizning binoda bo‘lmagan.

Hozirda maxsus shtab tuzilib, yong‘in sabablari o‘rganib chiqilmoqda. Uning sabablari tergovda aniqlanadi. Bu tegishli mutaxassislarning ishi. Eng muhimi, hech kimga jarohat yetmadi”, dedi Yulduz Oripova.

Albatta, yong‘inning quyosh panellaridan kelib chiqqani hozircha ehtimoliy sabablardan biri. Uning aniq sabablari va yetkazilgan zarar miqdori mutaxassislar o‘rganishlari asosida aniqlanadi Buning uchun mutaxassislar guruhi voqea joyida ish olib bormoqda.

Ma’lumot uchun yong‘in yuzasidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov ishlari boshlangan.

Mavzuga oid