Jamiyat | 18:16 / 01.04.2020
70407
2 daqiqa o‘qiladi

Tanqiddan so‘ng: «Brak» Cobalt yangisiga almashtirib berildi

 Andijonlik fuqaroning «Asaka-Avtosavdo» avtosalonidan xarid qilgan, ammo keyinroq kuzovida nuqsoni borligi ma'lum bo‘lgan Cobalt avtomashinasi oradan qariyb bir yil o‘tib, yangisiga almashtirib berildi.

Joriy yilning 15 martida Kun.uz sayti orqali «UzAuto Motors’ning tuzatib bo‘lmas nuqsoni bor mashinasini olgan fuqaro: «Yangi Cobalt oldim, desam boshimga g‘alva sotib olgan ekanman» sarlavhali maqola e'lon qilingan edi. Unda andijonlik Ismoiljon Vahobovning avtosalondan sotib olgan yangi Cobalt rusumli avtomashinasi bo‘yoqlari to‘kilib tushayotgani, avtosalon esa uni boshqasiga almashtirib berishga rozi bo‘lmayotgani bayon etilgandi.

 Maqola e'lon qilinganidan 10 kun o‘tib Ismoiljon Vahobov tahririyatga qo‘ng‘iroq qilib, nihoyat UzAuto Motors kompaniyasi avtomashinani yangisiga almashtirib berganini xabar qildi. Shuningdek, uni qo‘llab-quvvatlab turgan insonlar va UzAuto Motors AJ ma'muriyatiga sayt orqali o‘z minnatdorchiligini bildirmoqchiligini aytdi. Shundan so‘ng sayt muxbiri u bilan uchrashdi.

«Kun.uz saytida maqola va videolavha e'lon qilingandan so‘ng ancha paytdan beri yurmay turgan ishim yurishib ketdi va UzAuto Motors mutasaddilari nuqsonli avtomoshinamni yangisiga almashtirib berishdi.

UzAuto Motors vakillari avtomashinam nuqsonli ekanligini uch kunda tekshirib chiqishdi. Shundan so‘ng «brak» avtomashinani YHXBda ro‘yxatdan chiqarib, zavodga topshirdim. So‘ng bir haftada yangi Cobalt avtomashinasini salondan olib chiqdim. Nuqsonli Cobalt’dan qutulib, zavoddan yangisini olishimga sabab bo‘lib, qo‘llab-quvvatlab turgan barcha insonlarga, UzAuto Motors mutasaddilariga, shuningdek murojaatimga e'tiborsiz bo‘lmagan Kun.uz sayti tahririyatiga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman», deydi Ismoiljon Vahobov.

Muxbir Elmurod Ermatov,
Tasvirchi Ahrorbek Yoqubjonov,
Montaj ustasi Nuriddin Nursaidov

Mavzuga oid