Jamiyat | 17:20 / 06.04.2020
5593
4 daqiqa o‘qiladi

Neft-gaz tarmog‘idagi barcha korxonalarda korrupsiyaga qarshi yangicha tizim joriy etiladi

​​​​​​​2020 yilning 1 oktyabrigacha neft-gaz tarmog‘idagi barcha korxonalarda korrupsiyaga qarshi «komplayens-nazorat» tizimi joriy etiladi. Bu prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 4 aprel kuni imzolangan «Neft-gaz tarmog‘ining moliyaviy barqarorligini oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorda belgilangan.

«O‘zbekneftgaz» AJ  boshqaruvi raisi matbuot kotibi Siyovush Hoshimovning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, «komplayens-nazorat» - salbiy oqibatlar paydo bo‘lishining oldini olish, shu jumladan korxona, tashkilot va ularning mansabdor shaxslarining javobgarligini oshirish hamda javobgarlikka tortish tizimidir.

«Mazkur tizim BMT Taraqqiyot dasturining «O‘zbekistonda samarali, hisob beruvchi va shaffof boshqaruv institutlari orqali korrupsiyaga qarshi kurashish» loyihasi doirasida Bosh prokuratura, Energetika vazirligi va BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakolatxonasi ko‘magida joriy etilayotganini alohida ta'kidlab o‘tishim kerak. «Komplayens nazorat» tizimini joriy etishda BMT Taraqqiyot dasturi doirasida 2019 yil uchun xalqaro auditorlik kompaniyasi «KPMG» tanlab olingan bo‘lib, kompaniya ekspertlari bilan birgalikda 4 bosqichli korrupsiyaga qarshi kurashish «komplayens nazorat» tizimini «O‘zbekneftgaz» AJ ijroiya apparatida joriy etish amalga oshirilmoqda.

«O‘zbekneftgaz» AJda korrupsiyaga qarshi kurashish «komplayens nazorat» tizimini joriy etish bo‘yicha «KPMG» kompaniyasi bilan hamkorlikda «yo‘l xaritasi» ishlab chiqilgan bo‘lib, «KPMG» kompaniyasi tavsiyasiga asosan korrupsiyaga qarshi kurashish «komplayens nazorat» tizimini joriy etish bo‘yicha «O‘zbekneftgaz» AJ tasarrufidagi 25ta korxona va tashkilotlarda mas'ul shaxslar buyruq asosida tayinlandi.

Bundan tashqari, «KPMG» tavsiyalaridan kelib chiqib «O‘zbekneftgaz» AJ departament va bo‘limlarining amaldagi ichki normativ hujjatlarini va nizomlarini qayta ko‘rib chiqish hamda yangi tahrirlarini tasdiqlash rejalashtirilgan», deydi Siyovush Hoshimov.

Korrupsiyaga qarshi «komplayens-nazorat» tizimi doirasida:

– korrupsiyaga qarshi choralar tizimi ishlab chiqiladi;

– korrupsiyaga qarshi kurash masalalari bo‘yicha ichki normativ hujjatlar takomillashtiriladi;

– korrupsiya xavfini boshqarish bo‘yicha harakatlar rejasi ishlab chiqiladi;

– korrupsiya xavfi sifatida tavsiflangan ayrim operatsiyalar va bitimlarni zaruriy tekshirishlar amalga oshiriladi;

– kompaniya xodimlarining manfaatlar to‘qnashuvi aniqlanadi va bartaraf etiladi;

– korrupsiyaga qarshi choralar natijalari to‘g‘risida muntazam ravishda hisobotlar tayyorlanib, yuqori rahbariyatga taqdim etib boriladi;

– aniqlangan korrupsiya va axloqiy buzilishlar bo‘yicha ichki tekshiruvlar o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 2019 yil 27 maydagi «O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq davlat ulushi yuqori bo‘lgan bir qator tashkilotlarda korporativ shaffoflikni oshirish maqsadida korrupsiyaga qarshi kurashish «komplayens nazorat» tizimi joriy etilishi ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid