Bugun, 11 may kuni “Davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish mexanizmlarini takomillashtirish va ushbu sohada jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” xabar berdi.
Qarorga muvofiq, 2022 yil 1 sentabrdan quyidagilarni nazarda tutuvchi “Ye-Antikorrupsiya” loyihasi to‘liq ishga tushiriladi:
- davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, davlat unitar korxonalari va muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlar faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni majburiy aniqlash va baholash;
- korrupsiyaga moyil munosabatlar elektron reyestrini shakllantirish va yuritish;
- korrupsiyaviy xavf-xatarlar qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish, inson omilini qisqartirish va tegishli tartib-taomillar va funksiyalarni raqamlashtirish, shaffoflikni ta’minlash, jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish orqali bartaraf etish.
Loyiha “E-Anticor.uz” elektron platformasida amalga oshiriladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonovning ma’lum qilishicha, qaror bilan korrupsiyaga moyil munosabatlarni bartaraf etish bo‘yicha choralar dasturi tasdiqlangan.
Dasturga ko‘ra:
- OTMlarga o‘qishga kirish uchun beriladigan imtiyozlar ro‘yxati yagona hujjatda shakllantiriladi hamda ushbu imtiyozlarni umumiy kvotaga kiritmaslik to‘g‘risidagi qoida belgilanadi;
- OTMlarda talabalarni yotoqxona bilan ta’minlashning elektron tizimi joriy etiladi;
- Avtobekatlarda tadbirkorlik obektlarini joylashtirishga ruxsat berishning shaffof elektron mexanizmlari yaratiladi;
- Tashqi reklama obektlarini joylashtirish onlayn auksion tartibiga qat’iy rioya etgan holda amalga oshiriladi va jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi;
- “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida fuqarolardan noqonuniy qurilish holatlari yuzasidan murojaatlarni onlayn qabul qilish imkoni yaratiladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi korrupsiyaga moyil munosabatlar elektron reyestrini (“past”, “o‘rta” va “yuqori” o‘lchovlarida) shakllantirib, uni internetda ochiq e’lon qilib boradi.









