RF armiyasi o‘z bayonotida qo‘shinlarni olib chiqish qarori «yaxshi niyat qadami sifatida» qabul qilinganini da’vo qilmoqda. Rossiyalik harbiylar bu kabi formulirovkani mart oyi oxirida Ukraina shimolidagi hududlardan (Kiyev, Chernihiv va Sumi oblastlari) chekinganida ham qo‘llagandi. G‘arblik ekspertlar fikricha, bu hududlarda Rossiya harbiy mag‘lubiyatga uchragan va chekinishga majbur bo‘lgan.
«Bu orqali Rossiya Federatsiyasi jahon hamjamiyatiga BMTning Ukraina hududidan qishloq xo‘jalik mahsulotlarini eksport qilish uchun gumanitar yo‘lak tashkil etish bo‘yicha sa’y-harakatlariga to‘sqinlik qilmasligini namoyish etadi.
Bu qaror Kiyevga Qora dengizning shimoliy-g‘arbiy qismi Rossiyaning to‘liq nazoratida ekani tufayli bug‘doyni olib chiqish imkonsizligini aytib, yaqinlashib kelayotgan oziq-ovqat inqirozi mavzusida spekulyatsiya qilishiga imkon bermaydi», deyiladi RF mudofaa vazirligining Ilon orolidan qo‘shinlar olib ketilgani to‘g‘risidagi bayonotida.
G‘arb davlatlari va Ukraina Rossiya ukrain portlarini blokada qilishda davom etmoqda va bu orqali ukrain oziq-ovqat mahsulotlari jahon bozoriga olib chiqilishiga to‘sqinlik qilmoqda deb hisoblaydi.

RF mudofaa vazirligi bayonotidan oldinroq Ukrainaning «Janub» operativ qo‘mondonligi RF armiyasi qismlari joylashtirilgan Ilon oroli bo‘ylab raketa va artilleriya zarbalari orqali navbatdagi muvaffaqiyatli amaliyot amalga oshirilgani to‘g‘risida xabar tarqatgandi. Qo‘mondonlik xabarida bu hujumlar natijasida rossiyalik harbiylar «garnizonning qolgan qismini ikkita tezyurar kater orqali shoshilinch ravishda evakuatsiya qilgani va katta ehtimol bilan orolni tark etgani» ma’lum qilingandi.
Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak ham «Ilon orolida rossiyaliklar qolmagani» haqida yozgan. «Janub» operativ qo‘mondonligi aniqlik kiritishicha, ayni damda orolda yong‘in va portlashlar ro‘y bermoqda.
Yermak rossiyaliklarning «yaxshi niyat» haqidagi bayonotiga ham munosabat bildirgan. «Bularning barchasi butkul feyk. Birinchidan, Ukraina qurolli kuchlari rossiyaliklarni Ilon orolidan haydab chiqardi. Ikkinchidan, rossiyaliklar g‘alla saqlanayotgan omborlarimizni o‘qqa tutishmoqda. Rossiya oziq-ovqat inqirozini yuzaga keltirishda va aldashda davom etmoqda. Ular hamon bizning portlarimizni bloklab turishibdi va donlarimizni yo‘q qilishmoqda. Ularga global Golodomor kerak», degan Yermak.

















