O‘zbekiston | 19:02 / 19.12.2022
13951
2 daqiqa o‘qiladi

“Ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam buni sezmaydi” - Qo‘chqorov energiya tariflari o‘zgarishi haqida

“Energetika tariflari bo‘yicha albatta ishlar olib borilyapti. Bu bo‘yicha nimadir qilinishi kerakligini hamma biladi. Shuni ishontirib aytishim kerakki, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami bu o‘zgarishlarni sezmaydi”, – dedi bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov.

Foto: Kun.uz

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 2023 yil uchun davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi.

Palata yalpi majlisida so‘z olgan bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorovning aytishicha, keyingi yilda ham energetika tariflari bo‘yicha ishlar davom ettiriladi.

“Joriy yilda yalpi ichki mahsulotimiz, aholi jon boshiga 2200 dollarga yetishi kutilmoqda. Davlat rahbari 2026 yilning oxirigacha YaIMni 100 mlrd dollardan oshirish vazifasini qo‘ygan, bugungi iqtisodiy ko‘rsatkichlardan kelib chiqiladigan bo‘lsa, bu ko‘rsatkichga 2025 yilning oxirida ham erishishimiz mumkin.

Oltin ishlab chiqarish oxirgi 5 yilda 87 tonnadan 105 tonnaga, mis ishlab chiqarish 110 ming tonnadan 148 ming tonnagacha ko‘paydi.

2023 yilda 1,2 gegavatt, 2024 yilda esa umumiy quvvati 4,7 gegavatt bo‘lgan xususiy elektrostansiyalar ishga tushiriladi. 2023 yilda xususiy elektrostansiyalarning ulushi 18 foizga yetishi kutilmoqda. Qayta tiklanuvchi manbalardan foydalanish O‘zbekiston uchun juda muhim ahamiyatga ega.

Energetika tariflari bo‘yicha albatta ishlar olib borilyapti. Bu bo‘yicha nimadir qilinishi kerakligini hamma biladi. Shuni ishontirib aytishim kerakki, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami bu o‘zgarishlarni sezmaydi”, – dedi Jamshid Qo‘chqorov.

Eslatib o‘tamiz, hukumatning iqtisodiy bloki energetika sohasidagi muammolar yechimi sifatida sohaga bozor mexanizmlarini joriy qilish, xususiy investorlarni jalb qilish va energetika bozori yaratish uchun, ijtimoiy himoya me’yorlarini belgilagan holda, birinchi navbatda biznes, ikkinchi navbatda aholi uchun tariflarni oshirishni reja qilgan.

Hukumat 2022 yil 1 iyulidan biznes uchun tariflarni bozor narxlariga yaqinlashtirish, aholi uchun esa tariflarni tabaqalashtirilgan tartibda oshirishga qaror qilgan, lekin yakunda bu kechiktirilgan edi.

Mavzuga oid