O‘zbekiston | 19:08 / 25.05.2023
25889
6 daqiqa o‘qiladi

“Bu epidemiyaga olib kelishi mumkin” - Yunusobodda boshlanayotgan qurilish xavotirlarga sabab bo‘lyapti

70 yil davomida yuqumli kasalliklarga qarshi vaksina va zardoblar ishlab chiqarilgan tadqiqot instituti o‘rnida ko‘p qavatli turar joy qurilishi boshlangan. Aholi bu hududda emdorilar sinab ko‘rilgan hayvonlarning jasadi ko‘milgani, ayrim infeksiya qo‘zg‘atuvchi sporalar o‘lmasligi va 100 yilgacha saqlanib qolishi, shu sababdan ham hududni kovlash mumkin emasligini aytmoqda.

Yunusobod tumani Shayx Shibliy mahallasi aholisining tarmoqlarda tarqalgan videomurojaatida Sanitar qoidalar va me’yorlar qo‘pol ravishda buzilib, yuqumli kasalliklarga qarshi vaksina va zardoblar ishlab chiqilgan ilmiy-tadqiqot instituti hududida qonunga zid ravishda turar joy qurish boshlangani aytiladi.

Mahalla fuqarolari bu poytaxt Toshkent va Toshkent viloyati aholisini komiga tortadigan epidemiyaga sabab bo‘lishi haqida ogohlantirgan.

Foto: uzpharmagency.uz

Videomurojaatda tilga olingan muassasa Toshkent vaksina va zardoblar tadqiqot instituti hisoblanib, bu yerda 70 yildan ziyod vaqt davomida 120 xil yuqumli kasallikka qarshi vaksina va zardoblar ishlab chiqilib, dunyoning o‘nlab mamlakatlariga yetkazib berilgan.

Shayx Shibliy mahallasida yashovchilarning aytishicha, emdori va zardob olishda foydalanilgan hayvonlar (eshak, ot va hokazolar) jasadini utilizatsiya qilish uchun 3 ta Bekkeri o‘rasi qurilib, ishlatib kelingan. Ko‘plab infeksiya qo‘zg‘atuvchilar bu o‘rada o‘lsa ham, kuydirgi kasalini qo‘zg‘atuvchi sporalar o‘lmaydi va 100 yilgacha saqlanib qoladi.

“Bekkeri o‘rasi”

“30 yil ichida institut hududida hech qanday qurilish amalga oshirilmadi. Lekin nima uchundir referendum arafasida bu yerda qandaydir quruvchilar paydo bo‘lib, tinchimizni buza boshlashdi. Bu yerga biologik xavfli infeksiyalar ko‘milgan. Mikrobiologlar buni juda yaxshi bilishadi, u odamlarga katta xavf tug‘diradi.

Mabodo bu yerdagi xandaqlar ochiladigan yoki bu yerda qurilish qilinadigan bo‘lsa, nafaqat bizning mahallaga, balki Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga juda katta zarar keltiradi. Hozir hamma yoqda virus, mikrob va bakteriyalar bilan bog‘liq kasalliklar ko‘payib borayotgan bir paytda bu muammo dard ustiga chipqon bo‘ladi”, deydi mahalla faoli Shirin Komilova.

U mahalliy hokimiyat organlari institut hududida boshlangan qurilishni to‘xtatishga qurbi yetmayotganini ta’kidlab, prezidentdan shu masalada yordam so‘ragan.

Toshkent vaksina va zardoblar tadqiqot instituti hududida qurilishi rejalashtirilgan binolarning eskiz-rejasi

Ma’lum bo‘lishicha, Toshkent vaksina va zardoblar tadqiqot instituti hududida “Biopharm Plyus” MChJ tomonidan 14 ta 22 qavatli, 6 ta 16 qavatli turar joy hamda mehmonxona qurilishi rejalashtirilgan. Buyurtmachi vakili mahalla ahli bilan o‘tkazilgan birinchi yig‘ilishda institut hududida qilinishi rejalashtirilgan ishlar haqida ma’lumot bergan va ularning eskizlarini ko‘rsatgan.

Yig‘ilishda mahalla ahli bunga mutlaqo qarshi bo‘lgan va qurilishga rozilik bermasligini bildirgan. Amaldagi tartibga ko‘ra, qurilishga doir loyiha hujjatlari tasdiqlanishi uchun shu yerda yashovchi aholining roziligini olish talab etiladi.

Shayx Shibliy mahallasida yashovchi fuqarolarning qarshiligiga qaramay, qurilish ishlari boshlab yuborilgan. Kun.uz'ga murojaat qilgan fuqarolar har kuni og‘ir texnikalar kelib institut atrofini o‘rab turgan beton to‘siqlarni buzishga urinishayotgani, odamlar har safar ularni quvib yuborayotgani, biroq ular qayta-qayta bunga urinayotganidan shikoyat qilmoqda.

Toshkent vaksina va zardoblar tadqiqot instituti devorlarini buzayotgan og‘ir texnika va bunga qarshilik ko‘rsatayotgan aholi Videodan skrinshot.

Shayx Shibliy mahallasida yashovchi Iskandar Yo‘ldoshevning aytishicha, Sanitar qoidalari va me’yorlari (SanPiN N0350–17)ning 6.4-moddasiga ko‘ra, infeksiya bor-yo‘qligidan qat’i nazar, o‘raga ko‘milgan o‘lgan mollar qabristoni uchun sanitar-himoya zonasi 1-toifaga kiritilgan. Hujjatda bu zonada uy-joy qurilishi, bolalar muassasalari, sport va sog‘lomlashtirish maskanlari va hokazolarni joylashtirish man etilgan.

“Kuydirgi kasalining sporalari quruq issiqda 140 gradusda 3 soatda halok bo‘ladi, Bekkeri o‘rasida harorat 65 gradusgacha ko‘tariladi, ya’ni kuydirgi kasalining sporalari o‘lmaydi. O‘ta xavfli, tez tarqaladigan (epidemiya) kuydirgi kasalining sporalari mudrab yotibdi, uning tez tarqalishi og‘ir oqibatlarga olib keladi.

14 may kuni Toshkent vaksina va zardoblar tadqiqot instituti hududida rejalashtirilayotgan qurilish kompleksi masalasi bo‘yicha Shayx Shibliy mahallasi fuqarolarining yig‘ilishida shu institut direktori o‘rinbosari hamda o‘sha vaqtda utilizatsiya bilan shug‘ullanib kelgan institut xodimi kuydirgi kasalining sporalari Bekkeri yamasida borligini gapirib o‘tishdi”, – deydi Iskandar Yo‘ldoshev.

Uning qo‘shimcha qilishicha, kuydirgi kasali juda xavfli va yuqumli bo‘lib, uning 3 xil formasi mavjud – o‘pka, ichak va teri formalari. Hatto o‘z vaqtida adekvat tibbiy davolanish boshlanganda ham, teri formasi bilan kasallangan bemorlarda o‘lim holati 10-20 foizni, ichak formasida 50 foizni, o‘pka formasida 90-95 foizni, kuydirgi meningitida 90 foizni tashkil etadi.

Jamshid Niyozov,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid