Saudiya Arabistoni yakshanba kuni Isroil va Hamas o‘rtasida davom etayotgan urushning global iqtisodiyotga ta’siri haqida ogohlantirarkan, mintaqaviy «barqarorlik»ka chaqirdi. Ar-Riyodda Jahon iqtisodiy forumining ikki kunlik maxsus yig‘ilishi o‘tkazilmoqda, unda G‘azodagi mojaroni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar olib borayotgan vositachilar ham qatnashmoqda.
Sammit ishtirokchilari orasida AQSh davlat kotibi Entoni Blinken ham bo‘ladi, u arab yetakchilari bilan muzokaralarning navbatdagi raundida ishtirok etish uchun Saudiya Arabistoniga uchgan. Davlat departamenti u mojaro kengayishining oldini olish zarurligiga urg‘u berishini aytgan.
Shuningdek falastinlik yetakchilar hamda Isroil va Hamas o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatishda vositachilik qilishga harakat qilayotgan boshqa mamlakatlarning yuqori martabali mulozimlari taklif etilgandi.
G‘azodagi urush, shuningdek Ukrainadagi va boshqa mamlakatlardagi mojarolar «iqtisodiy» kayfiyatga «juda kuchli» bosim ko‘rsatmoqda, degan Saudiya Arabistoni moliya vaziri Muhammad al-Jadaan forumdagi ilk muhokamalardan birida.
«O‘ylaymanki, mamlakatlar, yetakchilar va odamlar sovuqqonroq bo‘lib, vaziyat haqiqatan ham yumshatilishiga ishonch hosil qilishi kerak. Mintaqaga barqarorlik darkor», — degan Jadaan.
«Bugun dunyo xavfsizlik va farovonlik o‘rtasidagi muvozanatni topishga harakat qilib, tor kanat yo‘lidan yurmoqda, — degan Saudiya Arabistoni rejalashtirish vaziri Feysal al-Ibrohim shanba kungi matbuot anjumanida. — Biz bitta noto‘g‘ri mulohaza, noto‘g‘ri hisob yoki biror tushunmovchilik muammolarimizni yanada chuqurlashtirganida uchrashamiz».
Jahon iqtisodiy forumi prezidenti Borge Brende «garovdagilar bo‘yicha muzokaralarda, shuningdek… G‘azodagi boshi berk ko‘chadan chiqish ehtimoli bo‘yicha muzokaralarda yangi impuls ko‘zga tashlanayotgani»ni aytgan.
Ammo Isroil sammitda ishtirok etmaydi va Brendening qayd etishicha, Qatar va Misr ishtirokidagi vositachilik sammitda rasman muhokama etilmayapti. O‘z navbatida, G‘azodagi gumanitar vaziyat, shuningdek Hamas va Livandagi «Hizbolloh»ni qo‘llayotgan Eron masalasi muhokama qilinadi, deya qo‘shimcha qilgan u.
Shanba kuni Hamas ular hali tirikligini ko‘rsatish uchun garovdagilarning ikki nafari ishtirokidagi videoni namoyish etdi, Isroilda esa kelishuv talabi bilan yirik namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda. Hamas vakillari Isroilning G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish ehtimoli to‘g‘risidagi so‘nggi taklifini o‘rganayotganini ma’lum qilgan. Bir kun oldinroq OAVda Misr delegatsiyasi boshi berk ko‘chaga kirib qolgan muzokaralarni tiklashga urinish uchun Isroilga yetib kelgani haqida xabarlar paydo bo‘lgandi.



















