“Tinchlantirish maqsadida IIB xodimi qat’iy harakat qilgan” – Surxondaryoda fuqaroni urgan profilaktika inspektori bo‘yicha bayonot berildi
11 may kuni tarmoqlarda ichki ishlar xodimi xonada qo‘llari bog‘liq holda yotgan kishiga kuch ishlatayotgani aks etgan videolar tarqaldi. Videoda oynalari panjarali xonada oyoq va qo‘llari bog‘langan kishiga IIV xodimi bir necha marta kuch ishlatganini ko‘rish mumkin. Xodim dastlab shapaloq va musht bilan fuqaroning bosh qismiga urgan, keyin boshini ezgan va og‘zini latta bilan bog‘lab qo‘ygan.
Holat yuzasidan dastlab Surxondaryo viloyati IIB ma’lumot berdi. Ma’lum bo‘lishicha, voqea 6 maydan 7 mayga o‘tar kechasi, tungi 1:10 larda Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanida sodir bo‘lgan. Tumandagi Shaffof mahallasida yashovchi S. ismli ayol IIB navbatchilik qismiga qo‘ng‘iroq qilib, uyiga notanish shaxs kelib ko‘p marta eshigini tepib janjal qilayotganini aytgan.
IIBga ko‘ra, chaqiruv bo‘yicha borgan IIV xodimi M.A. kuchli mastlik holatida bo‘lgan fuqaro U.P.ni xodimning qonuniy talabini bajarmagani uchun Muzrabot tumani tibbiyot markazida tashkil etilgan alkogol mastlik holatidagi shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish tumanlararo punktiga olib borgan.
“Tibbiyot birlashmasida ham davolanayotgan bemorlarning tinchligini buzib, qonuniy talablarga bo‘ysunmasdan, qo‘pol so‘zlar bilan haqoratlashda davom etgan U.P.ni tinchlantirish maqsadida IIB xodimi qat’iy harakat qilgan. Xodimning harakatlari yuzasidan hozirda Surxondaryo viloyat IIB mas’ullari tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotganini ma’lum qilamiz”, — deyiladi viloyat IIB bayonotida.
Shuningdek, holat yuzasidan Surxondaryo viloyati prokuraturasi ham bayonot berdi. Prokuratura bayonotida IIV bayonotiga qo‘shimcha ravishda fuqaroning tinchligini buzayotgan shaxs profilaktika inspektori borgan vaqtda voqea joyidan qochib ketgani aytilgan.
“So‘ngra, profilaktika inspektori uni topib, tuman tibbiyot birlashmasidagi vaqtinchalik mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish punktiga olib borib joylashtirgan. Mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda”, — deyiladi prokuratura bayonotida.
Shuningdek, prokuratura ish natijasi bo‘yicha manfaatdor shaxslarga tergov organi tomonidan qo‘shimcha ravishda ma’lum qilinishini ta’kidlagan.
Mavzuga oid
18:14 / 16.12.2024
Surxondaryoning uchta tumanida zamonaviy turistik markazlar tashkil etiladi
16:35 / 26.11.2024
Surxondaryoda erta nikohni targ‘ib qilgan bloger jarimaga tortildi
21:33 / 22.11.2024
Xitoy Surxondaryodagi mis va kumush konlariga 2,7 milliard dollar investitsiya taklif qilmoqda
14:50 / 21.11.2024