O‘zbekiston | 23:35 / 08.06.2020
7301
2 daqiqa o‘qiladi

Frilanserlar faoliyatiga yengillik berildi

«Tadbirkorlik faoliyati va o‘zini o‘zi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori imzolandi.

Foto: StackCommerce / Mashable

Qaror bilan, internetda xizmatlar ko‘rsatuvchi (ishlar bajaruvchi) o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga (frilansing) quyidagi huquqlar berilmoqda:

  • ko‘rsatilgan xizmatlar (bajarilgan ishlar) uchun chet eldagi jismoniy va yuridik shaxslar – norezidentlardan xorijiy valutadagi to‘lovlarni Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga tegishli ma'lumotlarni kiritmagan holda O‘zbekiston banklaridagi hisobraqamlariga qabul qilish;
  • kontrakt tuzmasdan, kelishuv to‘g‘risidagi ommaviy taklifni (oferta) qabul qilish yoki elektron yozishmalar almashish yoxud hisob-kitob fakturalarni (invoys), shu jumladan, elektron shaklda taqdim qilish yo‘li bilan chet ellik jismoniy va yuridik shaxslarga xizmatlar ko‘rsatish (ishlar bajarish).

Qarorga asosan, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Adliya vazirligi va Savdo-sanoat palatasiga kelasi yilda «Biznes navigator» axborot tizimini joriy etish vazifasi yuklatildi.

Tizim quyidagilarga imkon yaratuvchi servislardan real vaqt rejimida foydalanishga yordam berishi ko‘zda tutilgan:

  • tadbirkorlik faoliyatining tegishli hududdagi raqobatbardosh turini tanlash;
  • kredit olish uchun zarur bo‘lgan biznes-reja loyihasi va hujjatlar to‘plamini shakllantirish;
  • tegishli tadbirkorlik faoliyati uchun taqdim etilgan imtiyoz va preferensiyalar to‘g‘risida ma'lumot olish;
  • tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun ko‘chmas mulk obektlarini tanlash.

Tizimni yaratish bo‘yicha buyurtmachi etib Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi belgilandi.

Loyiha Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Mavzuga oid