Jahon | 13:01 / 10.10.2022
61154
12 daqiqa o‘qiladi

General Armageddon: Ukrainadagi Rossiya qo‘shinlarining yangi qo‘mondoni haqida nimalar ma’lum?

Manbalar u infratuzilmalar, jumladan fuqarolik obektlarini yoppasiga o‘qqa tutish tarafdori ekanini aytishgan. Tayinlov ortidan Ukrainaning front chizig‘idan olislarda joylashgan shaharlari bo‘ylab raketa zarbalari yo‘llash boshlandi.

Sefa Karacan / Anadolu Agency / Vida Press

Shanba kuni Rossiya Mudofaa vazirligi armiya generali Sergey Surovikin Ukrainadagi maxsus harbiy operatsiya o‘tkazilayotgan hududda mavjud qo‘shinlar birlashgan guruhi qo‘mondoni etib tayinlangani haqida ma’lum qildi. Uning tayinlovi Ramzan Qodirov va Yevgeniy Prigojin tomonidan olqishlandi, huquq faollari va britaniyalik harbiylar esa azaldan uning haddan tashqari shafqatsizligi haqida aytib kelishadi.

Sergey Surovikin 1966 yil 11 oktyabrda Rossiyaning Novosibirsk hududida tug‘ilgan. Harbiy xizmat uchun ordeni, Qizil Yulduz, Jasorat ordenlariga loyiq ko‘rilgan. U maxsus topshiriqli bo‘linmalar tarkibida Afg‘onistondagi urushda, Tojikistondagi qurolli mojaroda va ikkinchi chechen urushida ham qatnashgan. 

U ilk bor 1991 yil avgustida, Moskvada Boris Yelsin tarafdorlari va SSSRni saqlab qolmoqchi bo‘lgan harbiylar to‘qnashuvi vaqtida Rossiya nashrlari sahifalarida ko‘rinish bergandi. O‘shanda kapitan unvonida bo‘lgan Surovikin «Moskvada konstitutsiyaviy tuzumni tiklash»ga harakat qilgan kuchlar buyrug‘i bilan Sadovoye halqa yo‘lidagi tunnelda Oq uyni himoya qilgan kuchlar bilan to‘qnashgan Taman diviziyasi jangovar piyodalar mashinalari (BMP) kolonnasiga qo‘mondonlik qilgan.

Surovikin unga yo‘l bo‘shatishni talab qiladi va ogohlantiruvchi o‘t ochadi, ammo harbiylarga tosh va butilkalar uloqtirishadi. Surovikin yorib o‘tishga buyruq beradi, shundan keyin bir necha harbiy mashina barrikadani buzib o‘tib, tunnelga kiradi, Oq uy himoyachilari esa qolgan mashinalarga chiqib olishadi. Natijada mashinalardan biri uch kishini bosib tashlaydi - moskvalik Dmitriy Komar, Ilya Krichevskiy va Vladimir Usov halok bo‘ladi.

Isyondan keyin Surovikin yetti oy davomida sudni kutib, «Matrosskaya tishina» tergov izolyatorida yotadi. Ammo yakunda u faqat buyruqni bajargani tufayli unga qo‘yilgan ayblovlar olib tashlanadi.

1995 yilda, Frunze nomidagi harbiy akademiya tinglovchisi ekanida Surovikin to‘pponchani sotib yuborgani bo‘yicha ayblov bilan sudga tortiladi. U ayblovni tan olmaydi va o‘zini «podstava» qilishganini aytadi. Moskva garnizoni harbiy sudi uni noqonuniy qurol savdosiga oid uch modda bo‘yicha aybdor deb topadi. Surovikin shartli jazoga hukm qilinadi, keyinroq sudlanganlik holati olib tashlanadi.

2002 yilda Surovikin Bosh shtab harbiy akademiyasini tamomlaydi, ikki yil o‘tib yana mojaroga aralashib qoladi. Bu vaqtda Yekaterinburgdagi diviziya komandiri sifatida xonasiga o‘z o‘rinbosari, polkovnik Andrey Shtokalni chaqiradi, u esa xonada o‘zini otib qo‘yadi, OAVda yozishlaricha, bu «xonadagi baland ovozlar»dan keyin bo‘lgan. Bundan oldinroq, o‘sha yil martida - mahalliy saylovlar fonida Surovikinning ushbu hamkasbi u va yana bir qancha katta zobitlarni siyosiy qarashlari uchun uni kaltaklashgani haqida ayblagandi. Keyinroq u prokuraturadan arizasini qaytarib olgandi.

2004 yil iyunida Surovikin Chechenistonda joylashgan 42-gvardiya motoo‘qchilar diviziyasi komandiri etib tayinlanadi. Surovikinning qo‘li ostidagilar bir necha bor urush qoidalarni buzishda ayblanadi. Bunday holatlardan eng shov-shuvlisi Borodzinovskaya stanitsasidagi (qishloq) «tozalash» bilan bog‘liq edi. 2005 yilda mazkur diviziya tarkibidagi «Vostok» bataloni stanitsaga hujum uyushtirgan. Guvohlarning ko‘rsatmalariga ko‘ra, jangchilar uylarga bostirib kirib, talonchilik qilishgan va odamlarni kaltaklashgan, avar va rus millatiga mansub aholini maktab hovlisiga haydab kelgan. Barcha erkaklar qo‘llari bog‘langan holda yerga yuztuban yotqizilgan va olti soat yomg‘ir ostida qolishgan, bu vaqt davomida ularni kaltaklashgan.

Surovikin o‘shanda askarlar manziliga ayblovlar batalon komandiri Sulim Yamadayevni «sharmanda qilish»ga qaratilganini aytadi, ko‘p o‘tmay Yamadayev Rossiya Qahramoni unvonini oladi, keyin esa Birlashgan Arab Amirliklarida o‘ldirib ketiladi.

Donbass va Suriya

Rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyning safdoshlaridan bo‘lgan Leonid Volkovning yozishicha, Qrim annexia qilinganidan keyin Surovikin Donbassga Rossiya qo‘shinlari jo‘natilishida qatnashgan.

«2014 yilda Sharqiy harbiy okrugni boshqargan general-polkovnik Sergey Surovikin negadir Sharqiy Sibirda emas, balki Rostov oblastida ishlagan. U bu yerda o‘z qo‘li ostidagi tank qismlarini, ya’ni «buryatlik tankchilar»ni Ukraina janubi-sharqiga jo‘natish bilan shug‘ullangan», deya yozgandi Volkov 2016 yilda feysbukdagi sahifasida. Bu ma’lumotning rasmiy tasdig‘i yo‘q.

2011 yilda, o‘sha vaqti Yekaterinburg shahar dumasi deputati bo‘lgan Leonid Volkov Surovikinning xotiniga tegishli kompaniya noqonuniy ravishda imtiyozlardan foydalanib kelishi haqida yozgandi; keyinroq sud undan bu bayonotiga raddiya berishni talab qilgan.

Mudofaa vazirligida bir necha lavozimlarda ishlab chiqqan Surovikin 2017 yil martidan Rossiyaning Suriyadagi aviatsiya guruhiga rahbarlik qila boshlaydi.

Surovikin qo‘mondonligida Rossiya aviatsiyasi havodan turib Bashar Asad tarafdori bo‘lgan kuchlarni qo‘llab-quvvatlaydi, jumladan muxolifat nazoratidagi Suriya shaharlariga bombalar yog‘diradi. Muqaddam hech qachon aviatsiyada ishlamagan Surovikin o‘sha yil noyabrida Havo-kosmik kuchlari bosh qo‘mondoni lavozimiga tayinlanadi - bu aviatsiya kuchlari tarixida ilk shunday holat bo‘lgandi.

Vladimir Putin, Dmitriy Medvedev va Sergey Surovikin Suriyada jang qilgan rossiyalik harbiylarni taqdirlash marosimida, 2017 yil. Foto: Getty Images

Suriyada ham Surovikinning qo‘li ostidagilar inson huquqlarini buzishda ayblanadi. Suriyadagi Rossiya aviatsiya guruhi tinch aholi yashovchi kvartallarga zarbalar yo‘llashda, kimyoviy qurollar bilan bombardimon qilishda va shifoxonalarga aviazarbalar berishda ayblangan.

Human Righs Watch huquq tashkilotining 2020 yilgi maxsus hisobotida Surovikin 2019-2020 yillarda Idlib viloyatiga hujum vaqtida inson huquqlari buzilgani uchun javobgarlikka tortilishi mumkin bo‘lgan (ya’ni o‘z qo‘li ostidagilar harakatlari uchun) qo‘mondonlardan biri sifatida ko‘rsatilgan. Huquq himoyachilari Rossiya aviatsiyasi tinch aholi vakillari halok bo‘lishi muqarrarligini anglagan holda fuqarolik infratuzilmalariga, jumladan, shifoxonalarga zarbalar berganini ta’kidlashgan, bu New York Times nashrining 2019 yilgi surishtiruvlari orqali ham tasdiqlangan.

Suriya amaliyoti yakunlariga ko‘ra Surovikin Rossiya Qahramoni unvonini oladi (shuningdek, kattagina moddiy rag‘batlantirishlar ham). 2017 yilda u Suriyada prezident Vladimir Putin bilan uchrashgandi, o‘shanda Putin Rossiya qo‘shinlarining katta qismi olib ketilishini e’lon qilish uchun Xmeymimdagi aviabazaga borgandi.

2021 yil avgustida Surovikinga armiya generali maqomi beriladi (bu amaldagi ofitserlar orasidagi eng yuqori martaba; keyingi daraja — marshal — ayni vaqtda Rossiya armiyasida hech kimda bunday maqom yo‘q).

Ukraina

RUSSIAN DEFENSE MINISTRY PRESS SERVICE/HANDOUT

23 fevral kuni, Rossiya «LXR» va «DXR»ni tan olgach, ammo hali Rossiya armiyasining Ukraina hududiga keng ko‘lamli bosqini boshlanmaganida Surovikin boshqa qator yuqori martabali harbiy qo‘mondonlar, vazirlar va propagandachilar qatorida Yevroittifoq sanksiyalariga uchragandi.

Urushning ilk davridayoq Surovikin Ukrainada fuqarolik obektlariga berilgan zarbalar va tinch aholi vakillari o‘limi munosabati bilan qo‘zg‘atilgan jinoiy ishlardagi asosiy figurantlardan biri bo‘ladi.

Rossiya qo‘shinlari Kiyev atrofidan chekinib, asosiy harbiy harakatlar Ukraina janubi-sharqiga ko‘chgach, Rossiya mudofaa vazirligi ilk bor Ukrainada harakatlanayotgan kuchlar qo‘mondonlarini ochiqlaydi, ulardan biri Surovikin edi.

U o‘shanda janubiy yo‘nalishda qo‘mondon etib tayinlangan - Janubiy harbiy okrug rahbarligida general Aleksandr Dvornikovning o‘rnini egallagandi.

Shu paytgacha Ukrainadagi urushda Rossiya qo‘shinlariga kim qo‘mondonlik qilgani haqida rasmiy xabarlar berilmagandi. Aprel oyida matbuotda tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, qo‘shinlarga general Aleksandr Dvornikov rahbarlik qila boshlagandi. Conflict Intelligence Team o‘z manbalariga asoslanib, bosqinning ilk davrida Rossiya qo‘shinlariga mudofaa vaziri o‘rinbosari Gennadiy Jidko qo‘mondonlik qilganini yozgan.

Iyun oyi oxirida britan harbiy razvedkasi yozishicha, «Janubiy guruh Rossiyaning Donbassdagi yurishlarida markaziy rolni o‘ynashda davom etgan». O‘shanda uning guruhi Severodonetskni egallagandi. Britanlar Surovikin «30 yildan ortiq harbiy faoliyatini korrupsiya va shafqatsizlik asosida olib borgani»ni qayd etishgan.

General Armageddon

Aleksey Yereshko / RF mudofaa vazirligi matbuot xizmati / TASS

«Meduza» manbalari avvalroq Surovikin ko‘tarilishi kutilayotganini xabar qilishgandi. RF prezidenti administratsiyasiga yaqin manba va hukumatga yaqin bo‘lgan suhbatdosh Surovikinni RF mudofaa vazirligidagi muhim lavozimlardan biriga tayinlash yoki Donbassdagi guruh qo‘mondonligiga o‘tkazish masalasi muhokama etilayotganini aytishgandi.

Surovikinning tayinlovi Ukraina qo‘shinlarining muvaffaqiyatli qarshi hujumlari ortidan ro‘y berdi, ular oktyabr oyi boshida Donetsk oblastining Liman shahrini ozod etishdi va Rossiya qo‘shinlarini Xerson oblasti shimolidan siqib chiqarishdi.

«Meduza» manbalari Surovikinni infratuzilmalar, jumladan fuqarolik obektlariga yoppasiga raketa zarbalari berish tarafdori sifatida ta’riflashgan. «Surovikinda hech qanday hissiyotlar yo‘q», — deydi Rossiya hukumatiga yaqin manbalardan biri. Kreml ta’siridagi nashrlar Surovikinning tayinlovi haqidagi materiallarida u armiyada General Armageddon laqabi bilan tanilgani, u bu nomni «o‘zining nostandart harakatlari va shafqatsizligi» bilan olgani qayd etilgan.

Rossiyada uning tayinlanishi yaqinda Liman boy berilgani uchun mudofaa vazirligi rahbariyatini qattiq tanqid qilgan Yevgeniy Prigojin va Ramzan Qodirov tomonidan optimizm bilan qarshilandi. Qodirov Surovikinni «haqiqiy jangchi» deb atagan, Prigojin esa «afsonaviy shaxs». Prigojin 1991 yil avgusti voqealarini ham eslagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Surovikin o‘shanda «buyruq berilgach, hech ikkilanmasdan tankka o‘tirgan va o‘z mamlakatini qutqarish uchun otlangan».

Surovikin tayinlovi ortidan avvaliga Zaporijjya shahri raketalar yomg‘iri ostida qoldi va turar joy binolariga raketalar kelib tushishi oqibatida kamida 14 kishi halok bo‘ldi. 10 oktyabr kuni esa Ukrainaning front chizig‘idan olislardagi shaharlariga yoppasiga raketa zarbalari yo‘llandi.

Mavzuga oid