- AQSH bosimlari fonida Yevropa Ittifoqi qancha vaqt Ukrainani qoʻllay oladi?
Kamoliddin Rabbimov: Donald Tramp hokimiyatga kelganidan keyin AQShning Ukrainaga koʻrsatib kelgan ulkan begʻaraz yordamining aksariyat qismi amalda toʻxtadi. AQSH Ukrainaga asosan razvedka maʼlumotlarini taqdim etmoqda, biroq bu yordam ham vaqti-vaqti bilan uzilib turibdi. Ukraina harbiylarining oʻzaro muvofiqlashuvida muhim rol oʻynayotgan Starlink xizmatida ham uzilishlar kuzatilmoqda. Bundan tashqari, YEI AQShdan sotib olinadigan, Ukrainaga yetkazib berilishi kerak boʻlgan qurol-aslahalar uchun pul toʻlagan boʻlishiga qaramay, soʻnggi paytlarda AQSH bu jarayonni paysalga solmoqda.
Bu yerda ikkita muhim jihat bor. Birinchisi - AQShdan sotib olingan va Ukrainaga yetkazib berilishi kerak boʻlgan qurol-aslahalar. Ikkinchisi esa Yevropa davlatlari avvalroq AQShdan xarid qilgan strategik qurollar. Masalan, Patriot havo mudofaa tizimlari va uzoq masofaga uchuvchi raketalar. Bunday qurollarni boshqa davlatga berish uchun AQShning roziligi talab etiladi, bunga Pentagon tomonidan tegishli ruxsatlar berilishi kerak. Hozir bu jarayon ham toʻxtab qolgan.
YEI Ukrainani shunchaki yaxshi koʻrgani uchun yordam berayotgani yoʻq. Bu, avvalo, strategik manfaatlar bilan bogʻliq. Yevropa rahbarlari Ukrainani Rossiya bosqiniga qarshi turayotgan va Rossiyaning harbiy salohiyatini zaiflashtirayotgan muhim toʻsiq sifatida koʻrmoqda. Ularning tafakkuri shunday: agar Ukraina yiqilsa va Rossiya taʼsiri ostiga tushib qolsa, bu domino effektini keltirib chiqaradi. Yaʼni bir davlatning qulashi boshqalariga ham bosimni kuchaytiradi. Rossiyaning imperiyachilik siyosati yanada faollashadi, postsovet hududida, jumladan, Markaziy Osiyoda ham vaziyatga taʼsir koʻrsatadi, Boltiqboʻyi davlatlariga qarshi provokatsiyalar kuchayadi, oxir-oqibat YEI va NATO uchun jiddiy xavflar yuzaga keladi.
Shu sababli Yevropa Ukrainaga yordam berishni oʻz xavfsizligini himoya qilishning bir qismi deb biladi. Maqsad - Rossiyani tiyib turish, uning harbiy imkoniyatlarini zaiflashtirish uchun Ukrainaga yordam berish. Bu idealistik yondashuvdan koʻra, strategik hisob-kitobga yaqinroq.
Undan tashqari, Yevropa siyosiy elitalari Vladimir Putinning vaʼdalariga ishonmaydi. Fransiyaning sobiq prezidenti Fransua Olland va Germaniyaning sobiq kansleri Angela Merkel kabi yetakchilar oʻz vaqtida Putin bilan muzokaralar olib borgan. Yevropa siyosatchilarining tajribasi shuni koʻrsatadiki, Putin muzokaralarda ijobiy vaʼdalar berishi, biroq keyinchalik ularga zid harakat qilishi mumkin. Shu bois Gʻarbda Rossiyaning maqsadi faqat Ukraina bilan cheklanmaydi, degan qarash mavjud.
Bu qarashga koʻra, Moskva Yevropa Ittifoqini zaiflashtirish, NATOni parchalash, AQSH va Yevropa oʻrtasidagi transatlantik aloqalarga putur yetkazishdan manfaatdor. Rossiyalik siyosiy faylasuf Aleksandr Duginning Gʻarbga qarshi qarashlari ham bu munozaralarda tez-tez tilga olinadi. U Gʻarbning mavjud siyosiy tartibini tubdan oʻzgartirish gʻoyasini ilgari surib keladi.
Demak, gap faqat Ukraina taqdiri haqida emas. Bu - xalqaro tartib qanday shakllanishi, Yevropaning kelajakdagi xavfsizligi va AQSH bilan Yevropa oʻrtasidagi munosabatlar qanday rivojlanishi haqidagi kengroq kurashdir.
Tramp bu xavflarni qay darajada anglayotgani yoki ularni qanday strategiya asosida baholayotgani alohida masala. Ammo Yevropa yetakchilari Rossiyani Ukrainada toʻxtatish oʻzining xavfsizligi uchun muhim, deb hisoblaydi. Shu sababli ular Ukrainaga imkon qadar uzoq muddat yordam berishga harakat qiladi.
Anvar Yoʻldoshev: Yevropa Ukrainaga yordam berishda davom etadi. Bu yordamning ikki asosiy yoʻnalishi bor: moliyaviy va harbiy. Moliyaviy jihatdan Yevropa Ittifoqi 2027-yil oxirigacha Ukraina uchun 90 milliard yevro ajratishni koʻzda tutgan. Ushbu mablagʻning 60 milliard yevrosi mudofaa ehtiyojlariga, 30 milliard yevrosi esa byudjet va iqtisodiyotni qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltiriladi. Biroq bu yukni barcha Yevropa davlatlari birdek koʻtarmaydi, asosiy masʼuliyat bir nechta davlatlar zimmasiga tushadi. Vengriya va Slovakiya kabi mamlakatlarning esa bu boradagi ishtiroki cheklangan.
Rossiyaning hozirgi harbiy imkoniyatlarini ham hisobga olish kerak. Hozircha Rossiya butun Ukrainaga qarshi yangi keng koʻlamli hujum boshlash yoki Odessa va Nikolayev kabi shaharlarni egallash uchun yetarli imkoniyatga egami, degan savol ochiq qolmoqda. Ehtimol, kelajakda bunday urinishlar boʻlishi mumkin, ammo buning uchun Rossiya avvalo harbiy salohiyatini tiklashi va mustahkamlashi kerak boʻladi. Shunga qaramay, Yevropa davlatlari Rossiya yaqin kelajakda hujum qilmasligiga tayanib, xotirjam oʻtirishni istamayapti. Ular mudofaa salohiyatini kuchaytirmoqda, chegaralar xavfsizligiga koʻproq eʼtibor qaratmoqda va qurolli kuchlarini mustahkamlamoqda. Shu bilan birga, Ukrainaga harbiy yordam berishni ham davom ettirishga intilmoqda.
Suhbatni YouTube’dagi “Geosiyosatkunuz” kanalida toʻliq tomosha qilishingiz mumkin.















