O‘zbekiston | 19:34 / 18.07.2021
14585
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 1 sentyabrdan 18 yoshdan kattalarni yoppasiga ommaviy emlash boshlanadi

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari o‘rinbosari Nurmat Otabekov shu yilning 1 sentyabridan boshlab aholining 18 yoshdan yuqori bo‘lgan qismini uch bosqichda yoppasiga ommaviy emlash tadbirlari o‘tkazilishini ma'lum qildi.

«12 iyuldan keyin koronavirus bilan kasallanish ko‘rsatkichida yana ko‘tarilishni kuzatyapmiz. Har kuni bir necha yuzlab, minglab odamlar shifoxonalarga tushyapti. Afsuski, shifoxonada davolanayotganlar orasida hayotdan ko‘z yumayotganlar ham bo‘lyapti. Shu soha vakili bo‘lganimiz uchun, qolaversa, odamlarning bizga bo‘layotgan murojaatlari ko‘lamidan kelib chiqib, epidemiologik vaziyat qanchalik chigallashib borayotganini ko‘rib turibmiz.

Pandemiyaga qarshi kurashishning dunyo hamjamiyati hozir e'tirof etayotgan yagona usuli – bu emlash. Qachonki, aholining 60-70 foizida jamoaviy immunitet shakllanmas ekan, epidemiologik vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartira olmaymiz. Yagona imkoniyatimiz – vaksinatsiyalash. Ming afsuski, O‘zbekiston Respublikasida koronavirusga qarshi emlash tadbirlari 1 apreldan boshlab amalga oshirilayotgan bo‘lsa ham, hanuzgacha imkoniyatlardan to‘liq foydalana olmayapmiz. Emlanishi lozim bo‘lgan aksariyat aholi vakillarida ikkilanish, vaksina qabul qilishdan qandaydir cho‘chish, imkon qadar vaksina olishni cho‘zish yoki nimanidir kutishlar kuzatilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasida koronavirusga qarshi emlanadigan aholi vakillari kimlar edi? Biz dastlab 65 yoshdan yuqori bo‘lganlarni, u yoki bu surunkali kasalligi mavjud bo‘lgan aholi qatlamini, tibbiyot xodimlarini, o‘qituvchilarni, maktabgacha ta'lim muassasalari xodimlarini, undan keyin oliy va o‘rta maxsus ta'lim tizimi xodimlarini, keyin esa 18 yoshdan yuqori bo‘lgan aholi qatlamini emlanishi kerak bo‘lgan fuqarolar ro‘yxatiga kiritdik.

Endilikda 1 sentyabrdan boshlab aholining 18 yoshdan yuqori bo‘lgan qismini uch bosqichda yoppasiga ommaviy emlash tadbirlarini amalga oshirmoqchimiz. Birinchi bosqich sentabr oyida, ikkinchi bosqich oktabr oyida va uchinchisi bosqich noyabr oyiga to‘g‘ri keladi»

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati mulozimining ta'kidlashicha, 18 yoshdan katta bo‘lgan aholi qatlamini uch bosqichda ommaviy emlanish uchun barcha imkoniyatlar yetarli.

«Emlash tadbirlariga tayyorgarlik ishlarini yanvar-fevral oylarida boshlaganmiz. Ushbu jarayonda uch ming ikki yuzga yaqin emlash punktlari, sakkiz yuz oltmishdan ko‘proq emlash brigadalari tashkil etildi. Ularda faoliyat ko‘rsatishi uchun besh ming nafardan ko‘proq shifokorlar, o‘n bir ming nafardan ko‘proq o‘rta tibbiyot xodimlari tayyorgarlikdan o‘tkazildi. Emlash punktlari uchun termosumkalar, termoindikator va generatorlar zaxirasi yaratilib, shay holatga keltirilgan.

Hozir biz bor imkoniyatimizning ellik foizidan foydalanmoqdamiz xolos. Agar biz yana imkoniyatlarimizni ishga solib, emlanadigan aholi qatlamini yana ko‘paytiradigan bo‘lsak, bunga ham imkoniyatlar mavjud.

Respublika bosh davlat sanitariya vrachining 11-sonli qarori bilan 18 yoshdan yuqori bo‘lgan, ya'ni emlanishi shart bilan aholi qatlamini ommaviy vaksinatsiyalash uchun tegishli ko‘rsatma hamda vazifalar belgilab berildi. Shu sababli ommaviy emlash tadbirlari boshlanadigan sana – 1 sentyabrgacha emlash tadbirlariga tayyorgarlik ishlarining borishi, imkoniyatlarimizni yana bir bor sarhisob qilamiz, aholimiz uchun barcha qulaylik va imkoniyatlarni yaratishga harakat qilamiz», deydi Nurmat Otabekov.

Mavzuga oid