Maqsadbek kiberfutbolning ilk o‘zbekcha variantini yaratish loyihasi muallifi hamdir. U Kun.uz'ga xorijiy universitetlarga o‘qishga kirishi va grant yutishi, jamoasi bilan ishlab chiqqan “o‘zbekcha futbol” kompyuter o‘yini haqida gapirib berdi.
- Maqsadbekka o‘qishi uchun grant berishga tayyorligini bildirgan oliygohlar: AQShning Arizona, Ayova, Buffalo va Sent Edvard universitetlari, Illonoys kolleji; Britaniyaning Manchester, Liverpul, Birminghem, Durham va Lids universitetlari; Ispaniyadagi Barselona xalqaro universiteti.
— Men qabul qilingan 11ta oliygoh dunyoning top-300 reytingiga kiradi va ularning beshtasi AQShda, yana shunchasi Buyuk Britaniya va bittasi Ispaniyada joylashgan. Har bitta universitetning o‘quvchiga qo‘yadigan talabi bor: birinchi navbatda ingliz tilini bilish darajasi, maktabdagi oxirgi 4 yillik baholari va yil yakunidagi baholari ham inobatga olinadi. Mana shu baholarning o‘rtachasi hisobga olinadi.
Undan tashqari, ijtimoiy hayotdagi faolligi, darsdan tashqari qilgan loyihalari ham muhim. Ba’zi universitetlarda qo‘shimcha testlari bor, shu testlarni ishlaganim uchun grant berishdi. Bu testlardan yuqori ball ola olmasangiz, kirolmaysiz, degani emas, shunchaki grant berilmasligi mumkin. Bu oliygohlarga informatika yo‘nalishida, asosan, kiberxavfsizlik, game development (kompyuter o‘yinlarini yaratish) yo‘nalishlarida o‘qishga topshirdim.
Xorijiy universitetga topshirgan har bir o‘quvchi buni biladi: shunchaki kirolmay qolishdan qo‘rqib topshiriladigan va asosiy maqsad qilingan universitetlar bo‘ladi. Bu universitetlarga kira olaman, deb o‘ylaganman, asosiy maqsadim – top-30 talikka kiradigan The New York University va University of Washington. Bu universitetlarning afzallik jihati – ta’lim sifati, joylashuvi va sharoitlari yaxshiligidir. Ularga kirish juda ham qiyin, ularda ariza topshirganlarning qabul qilinish ehtimoli juda past. Umid qilaman, yaxshi javob keladi.
Universitetga hujjat topshirganda insho yoziladi: unda o‘quvchi asosan o‘z xarakterini ochib beradi, nima sababdan bu sohani tanlagani va universitet nima uchun uni qabul qilishi kerakligi haqida. Men ham shu mavzularda insho yozganman.
“Ko‘plab o‘yin va dasturlarda O‘zbekiston uchun funksiyalar yo‘q”
— Otam jurnalist, gazetalarda ishlaganlar. Uyimizda kompyuter bo‘lardi, maqolalarni terardim. Yoshligimdan kompyuterga muhabbatim oshgan, barcha narsani titib o‘rganganman. Birorta o‘quv markaziga bormaganman. Kompyuterga qiziqib, o‘yin o‘ynardim. 2020 yilda karantin davrida o‘qishdan bo‘shab, kompyuterga o‘yin o‘rnatib oldim. Qarasam, unda O‘zbekiston yo‘q. Shu narsa jahlimni chiqardi va maqsad qo‘ydim: ushbu o‘yinning qanday tuzilganini o‘rganaman, barcha dasturlar va o‘yinlarga O‘zbekistonni qo‘shaman, O‘zbekistonda gigant IT kompaniyaga asos solaman va barcha ko‘rib qo‘ysinki, O‘zbekistonda ham shunday dasturlar yaratsa bo‘ladi.
















