DW nashrining Der Spiegel’ga tayanib yozishicha, ushbu ish doirasida 12-oktabr kuni Germaniyaning Nyurtingen shahrida ushlangan ikki Turkiya fuqarosi - 38 yoshli Umit E. va 34 yoshli Muslim T. guruh aʼzolari boʻlishi yoki uning topshiriqlarini bajargan boʻlishi mumkin.
Jurnalga bir nechta huquqni muhofaza qiluvchi tuzilma vakillari shu mazmunda maʼlumot bergan. Shtutgart Oliy yer sudi ushlanganlarni Polshaga ekstraditsiya qilish masalasini koʻrib chiqishi kutilmoqda.
Der Spiegel ehtimoliy Rossiya aloqasini guruhning taxmin qilinayotgan yetakchisi Beratjan Gyokdemir bilan ham bogʻlagan. U 2024-yilda Rossiyada ushlangan, ammo Turkiyaning ekstraditsiya talabiga qaramay, Anqaraga topshirilmagan.
Nashr maʼlumotiga koʻra, Germaniya maxsus xizmatlari Moskva unga javob xizmatlari evaziga himoya taqdim etgan boʻlishi mumkin, deb hisoblamoqda. Gyokdemirning hozir qayerdaligi maʼlum emas.
Varshavadan qariyb 50 kilometr uzoqlikdagi Volya-Krobovska qishlogʻida joylashgan Starlink stansiyasi 23-sentabr kuni oʻt qoʻyish oqibatida shikastlangan. Yongʻin elektr podstansiyasi va generatorni qamrab olgan. Bild maʼlumotiga koʻra, stansiya qisqa vaqt ishlamay qolgan, keyin faoliyati tiklangan. Hodisada hech kim jarohatlanmagan.
Polsha rasmiylari yongʻindan keyin diversiyaga urinish haqida bildirgan. Biroq Rossiyaning bevosita aloqadorligini koʻrsatuvchi dalillar oʻsha paytda mavjud emasligi ham qayd etilgan.
13-oktabrda tergov doirasida yana ikki kishi, jumladan, bir ayol ushlangan. RMF FM radiostansiyasi maʼlumotiga koʻra, ayolni qoʻlga olish uchun Berlinda antiterror operatsiyasi oʻtkazilgan. Dastlabki taxminga koʻra, u gumonlanuvchilarga transport va boshqa tashkiliy yordam koʻrsatgan boʻlishi mumkin.
















