DW xabariga koʻra, cheklovlar Tramp sentabr oxirida imzolagan, «doʻzaxiy sanksiyalar» nomi bilan tanilgan Lindsi Grem qonunida nazarda tutilgan edi. Qonun ularni 18-oktabrgacha joriy etishni talab qilgan, biroq milliy manfaatlardan kelib chiqib, bu jarayonni vaqtincha toʻxtatish imkonini ham bergan.
Tramp mazkur vakolatdan foydalanib, tegishli qaror haqida Kongressga maʼlum qilgan.
Xususan, Rossiya tovarlariga 500 foizlik qoʻshimcha boj joriy etish toʻxtatib turildi. Shuningdek, Rossiya nefti va gazining eng yirik besh xaridori qatoriga kiruvchi hamda Moskvaga sanksiyalarni chetlab oʻtishda eng faol yordam berayotgan davlatlar mahsulotlariga 100 foizlik boj qoʻllash ham kechiktirildi.
Farmonning amal qilish muddati aniq sana bilan belgilanmagan. Cheklovlarni joriy etish masalasi prezident va davlat kotibi moliya vaziri hamda AQSH savdo vakili bilan maslahatlashib, bunga zarurat bor degan xulosaga kelganida qayta koʻrib chiqiladi.
Bu qaror Grem qonuni qabul qilinishidan oldin Rossiyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarga taalluqli emas.
Avvalroq, 9-oktabr kuni Tramp Rossiya dizel yonilgʻisini AQSH va boshqa bozorlarga yetkazib berish boʻyicha kelishuvga erishilganini eʼlon qilgan edi. Uni amalga oshirish uchun AQSH Moliya vazirligi sanksiyalar tufayli taqiqlangan ayrim operatsiyalarga 2027-yil 7-aprelgacha ruxsat beruvchi litsenziya chiqargan. Rossiya esa dizel eksportiga qoʻyilgan cheklovlarni muddatidan oldin bekor qilishini bildirgan.
Axios manbalarining aytishicha, dizel kelishuvi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Trampning Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga zarbalarni toʻxtatish haqidagi bir necha iltimosini bajarmaganidan keyin tuzilgan. Zelenskiy bunday hujumlarni Rossiyaning Ukraina energetika obyektlariga zarbalari toʻxtatilishi evaziga bas qilishni taklif etgan.
Ukraina prezidenti dizel kelishuvini «urushga investitsiya» deb atab, Vashingtonni oʻt ochishni toʻxtatishga erishish uchun Moskvaga bosimni kuchaytirishga chaqirgan.
















