Toshkent shahar Mirobod tumanida faoliyat yurituvchi «Ulfat» xususiy korxonasi direktori Shohista Mahmudova sud qaroridan so‘ng mulki shoshilinch ravishda buzilgani, vaholanki kurashni Oliy sudda davom ettirmoqchi ekanini aytib, Kun.uz'ga murojaat qildi.

Shohista Mahmudovaning so‘zlariga ko‘ra, u rahbarlik qilayotgan korxonaga 1995 yili marhum turmush o‘rtog‘i asos solgan. Biroq e'tiborsizlik tufayli korxona tasarrufidagi bino-inshootlarning kadastr hujjatlari vaqtida to‘liq qilinmagan. Umr yo‘ldoshining vafotidan so‘ng turli arxivlardan ayrim hujjatlarini tiklashga muvaffaq bo‘lgan.

«Hokimlik yuristidan yordam so‘raganim – katta xatom bo‘lgan ekan»

U Vazirlar Mahkamasining 251-sonli qaroriga muvofiq korxonasiga tegishli obektlarni yalpi xatlovdan o‘tkazishda hokimlik huquqshunosi Nodir Mirzaqulovdan yordam so‘ragani katta xatosi bo‘lganini ta'kidlaydi.

«Hokimiyat yuristi tadbirkorlarga yordam beradi, deb ishonib borgandim. Uning oldiga borganimda muammolarimni, korxonam tasarrufidagi binolarning qanday hujjatlari bor, qaysilari yo‘qligini ochiq aytdim. Vazirlar Mahkamasining 251-sonli qarori bo‘yicha mulklarga egalik huquqini olish uchun hujjatlarni komissiyaga kiritishga yordam so‘raganman.

Undan yordam so‘raganim katta xatom bo‘lgan ekan. U mening barcha nozik joylarimni bilib olib, yordam berish o‘rniga meni sudga bervordi.

Birinchi sudga men chaqirilmaganman; taraflardan biri bo‘lishimga qaramay, sud mening ishtirokimsiz hokimlikning da'vosini qanoatlantirib, bino-inshootimni buzish haqida qaror chiqargan.

Shundan keyin yugur-yugurlarimiz boshlandi. 2017 yildan beri sudma-sud yuribman. Iqtisodiy sudda juda ko‘p janjallar bo‘ldi, ko‘plab tadbirkorlar hokimlik yuristidan nihoyatda norozi ekanliklarini ko‘rdim. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay yuristni ishdan olib tashlashdi.

U ketgach, qulog‘imiz tinchib, buz-buz masalasi kun tartibidan olindi. Biroq karantin davrida u yana ishiga tiklangach, yana bizni eslab qoldi. Shundan beri tinchimiz yo‘q», – deydi Shohista Mahmudova.