Asadjon Xoʻjayev raqamli texnologiyalar vazirining Komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻyicha oʻrinbosari etib tayinlandi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.
Asadjon Azatbekovich Xoʻjayev 1970-yil 3-sentabrda Qozogʻistonning Chimkent viloyatida tugʻilgan. 1993-yilda Toshkent elektrotexnika aloqa institutining elektraloqa muhandisligi yoʻnalishini tamomlagan, 2001-yilda prezident huzuridagi Davlat qurilishi akademiyasini bitirgan.
Asadjon Xoʻjayev 2004−2011-yillarda Aloqa va axborotlashtirish agentligi (hozirgi Raqamli texnologiyalar vazirligi) bosh direktorining oʻrinbosari, 2011–2012-yillarda Intellektual mulk agentligi, 2012-2017 yillarda – Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi rahbari boʻlgan qilgan. 2017-yil martidan avgustigacha prezident matbuot xizmati rahbari boʻlib ishlagan. 2017−2018-yillarda Birinchi prezident Islom Karimov nomidagi ilmiy-maʼrifiy yodgorlik majmuasi rahbarining birinchi oʻrinbosari boʻlgan.
2018-yil avgustidan Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini taʼminlashga koʻmaklashish markazi, oʻsha yil noyabridan «Xavfsiz shahar» jamoat tartibiga koʻmaklashish markazi direktori lavozimlarida faoliyat yuritgan.
2019-yil noyabrda Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi boshligʻi etib tayinlangan. 2020-yil iyulida esa prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga direktor etib tayinlangan.
2025-yilda prezident farmoni bilan AOKA faoliyati tugatilgan va Xoʻjayev ham rahbarlik lavozimidan ozod etilgandi. U hozirgacha Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi («Oʻzkomnazorat») boshligʻining maslahatchisi sifatida ishlab kelayotgandi.















