22:51 / 28.01.2021
6962

Mahkumlarga ham OTMga kirish va onlayn ta'lim olish imkoni beriladi

Talabalik davrida jinoyat sodir etib, jazoni ijro etish muassasalariga tushib qolgan mahkumlarga onlayn o‘qishini davom ettirish imkoniyati beriladi.

Bu haqda IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi mutasaddilari ishtirokidagi matbuot anjumanida ma'lum qilindi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Bu turdagi mahkumlarga o‘qishni davom ettirish imkoniyatlarini yaratish, umuman, jazoni ijro etish muassasalaridagi jazoni o‘tayotgan shaxslar oliy ta'lim muassasalarida onlayn tarzda o‘qishini belgilash bo‘yicha Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi Bosh prokuratura bilan birgalikda prezident qaror loyihasini tayyorlab, prezident administratsiyasiga topshirgan», – dedi Tarbiyaviy va ijtimoiy psixologik ishlarni tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Jamshid Sultonov.

Qaror doirasida qamalguniga qadar talaba bo‘lgan mahkumlarning o‘qishini davom ettirib ketishi, bundan tashqari, jazo muddatini o‘tash davrida yaratilgan imkoniyatlardan foydalangan holda o‘qishga tayyorgarlik ko‘rib, oliy ta'lim muassasalariga kirishi, o‘qishga kirgan talabalar uchun jazoni o‘tashning alohida tartiblarini joriy qilish bo‘yicha ham bandlar belgilangan.

Sultonovning qo‘shimcha qilishicha, qaror loyihasi imzolanish arafasida.

Top