O‘zbekiston | 22:47 / 24.01.2022
3001
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda havoni ifloslantirgan qo‘shma korxona faoliyati sud qarori bilan vaqtincha to‘xtatildi

Foto: Navoiy viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi

Zarafshon shahrida karbid kalsiy va ferromarganets mahsuloti ishlab chiqarayotgan «Carbide impex plyus» MChJ shaklidagi qo‘shma korxonaning faoliyati ekologiyaga salbiy ta’siri sababli vaqtincha to‘xtatib qo‘yildi. Qo‘shma korxona viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining talablarini bajarmagan.

Boshqarmaning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, qo‘shma korxona faoliyatining atrof-muhitga ta’siri 2020 yilning dekabr oyida tekshirib ko‘rilgan. Qo‘shma korxonaga yaqin hududda havodan namunalar olinib, tahlildan o‘tkazilganida, atmosferaga zararli gaz tashlamalari chiqayotganligi ma’lum bo‘lgan. Aniqlangan xato-kamchiliklar to‘g‘risida dalolatnoma rasmiylashtirilib, unda bajarilishi shart bo‘lgan talablar va ularning ijro muddatlari belgilab berilgan. Shundan so‘ng korxona o‘zining ishlab chiqarish faoliyatini to‘xtatgan.

Ammo qo‘shma korxona belgilangan talablarni bajarmasdan, 2021 yilning oktabr-noyabr oyidan ishlab chiqarishni qayta yo‘lga qo‘ygan. Bu esa hudud aholisining haqli e’tiroziga sabab bo‘lgan.

2022 yil 14 yanvar kuni Zarafshon tumanlararo iqtisodiy sudida mazkur ish ko‘rib chiqildi hamda sud qarori bilan «Carbide impex plyus» MChJ shaklidagi qo‘shma korxonaning faoliyatida aniqlangan holatlar bartaraf qilingunga qadar to‘xtatib qo‘yildi. 

Mavzuga oid