Kuvaytdagi Sabah shifoxonasida anesteziolog-reanimatolog sifatida faoliyat ko‘rsatayotgan o‘zbekistonlik shifokor Jahongir Jo‘rayev Kun.uz muxbiri bilan suhbatda O‘zbekiston tibbiyotidagi muammolar va ularning yechimlari haqidagi fikrlarini o‘rtoqlashdi.

– Jahongir aka, prezident Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilish kerakligini aytmoqda. Lekin O‘zbekistondagi tibbiyotning darajasini birdaniga Saudiya Arabistoni, Kuvayt yoki AQShdagi darajaga ko‘tara olmaymiz-ku, to‘g‘rimi?! O‘zgarishlarni nimadan boshlash kerak, nimalarni o‘zgartirsak odamlarimizda tizim yaxshilanishi mumkinligiga ishonch uyg‘onadi?

– Chet elda bo‘lgach, O‘zbekiston tibbiyoti bilan bog‘liq kamchiliklar aniqroq ko‘rinib qolarkan. Men bu bo‘yicha birinchi o‘rinda O‘zbekistondagi rahbarlar sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirishning qaysi yo‘nalishini tanlashmoqchi degan savolni bergan bo‘lardim. Agar hozir O‘zbekistondagi tibbiyot tizimini tahlil qilsak, unga hozir sobiq ittifoq va Rossiya tizimining davomchisi sifatida qaraladi. Agar shu yo‘nalish rivojlantirilsa, boshqa natija, agar yuqorida aytilganidek, Yevropa va AQSh bilan moslashtirilsa, boshqa natija bo‘ladi.

Hozir faqat sobiq ittifoq tibbiyotini yangilash va rivojlantirishga urg‘u berilmoqda. Bu yo‘nalishda ketadigan bo‘lsak, yuqoriroq natijaga erishish imkoni yo‘qligi aniq. Buni Rossiya tibbiyotini biror Yevropa davlati bilan solishtirish orqali ko‘rish mumkin. Lekin hammasini boshidan boshlash ham oson bo‘lmaydi.

Tasavvur qiling: bir yoshning maktabdan boshlab ingliz tilini yaxshi o‘rganib universitetda bakalavr va magistraturani to‘liq ingliz tilida o‘zlashtirishiga qancha vaqt ketadi. Bu butun tibbiyotdagi avlodni almashtirish orqali 10 yildan keyin boshlanadi. Mana shu muddatdan keyin tayyor mutaxassislar kirib keladi.

Bundan tashqari, 10 yilgacha nima qilish kerak degan savol ham bor. Ungacha chet eldan har bir tibbiyot muassasasiga malakali mutaxassislarni olib kelish kerak.

– Siz faoliyat olib borayotgan Kuvayt ham tarixan mutaraqqiy davlat bo‘lmagan. Kuvaytliklar ham qachondir shu bosqichdan o‘tgan bo‘lishi kerak? Ularning bu boradagi tajribalari bilan qiziqib ko‘rdingizmi?

– Gapingiz to‘g‘ri, arab davlatlari ham hududida neft aniqlangach, moddiy mablag‘ga ega bo‘lib, iqtisodiy jihatdan rivojlangan. Lekin ularda malakali mutaxassislar yetarli bo‘lmagan. Shuning uchun tibbiyot tizimiga chetdagi standartlarni olib kirgan, xorijiy mutaxassislarni ishga chaqirgan va shu yo‘l bilan hozir o‘z tibbiyot xodimlarini tayyorlab kelmoqda.