Bu tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlaş tizimini takomillaştirişga qaratilgan prezident farmonida belgilandi.

Hujjatga köra, 2027-2028 öquv yilidan tor soha mutaxassisliklari böyiça birlamçi va qöşimça ixtisoslaştiriş töliq rezidentura tizimiga ötkaziladi.

Şu munosabat bilan tibbiyot sohasida magistratura dasturlari orqali tor soha mutaxassislarini tayyorlaş amaliyoti bekor qilinadi. Magistraturaga qabul parametrlari qisqartirilgunga qadar mavjud bölgan örinlarning 20 foizgaça qismi magistratura dasturlari uçun saqlab qolinadi.

Endilikda magistratura dasturlari asosan ilmiy-pedagogik va boşqaruv kadrlarini tayyorlaşga yönaltiriladi. Şuningdek, oliy maʼlumotga ega, muayyan mutaxassislik böyiça diplomi bölmagan, ammo turdoş sohada taʼlim olgan şaxslarni ham magistraturaga qabul qilişga ruxsat beriladi. Bunday nomutaxassislar magistraturada faqat ilmiy yönalişda tayyorlanadi.

Farmon bilan nodavlat tibbiyot va taʼlim taşkilotlariga ham rezidentura dasturlarini taşkil etiş imkoniyati beriladi. Ular tor soha mutaxassislariga bölgan ehtiyojdan kelib çiqib, öz mablağlari hisobidan bunday dasturlarni yölga qöyişi mumkin.

Oilaviy tibbiyot yönalişidagi rezidentura talabalarini tayyorlaş esa Soğliqni saqlaş vazirligi tomonidan tibbiyot oliy taʼlim taşkilotlariga biriktiriladigan oilaviy poliklinikalarda amalga oşiriladi.

Uşbu poliklinikalarda aholiga tibbiy xizmat körsatiş jarayoniga tibbiyot oliy taʼlim taşkilotlarining professor-öqituvçilari bilan birga rezidentura talabalari ham jalb qilinadi.

Şu tariqa, oilaviy tibbiyot yönalişidagi rezidentlar poliklinikada bir vaqtning özida taʼlim olib, bevosita amaliy faoliyat bilan ham şuğullanadi.