Madaniyat vazirining birinchi oʻrinbosari - Kinematografiya agentligi direktori Jahongir Ahmedov «Oʻzbekfilm» ogʻir moliyaviy ahvolga tushib qolganini maʼlum qildi.

«Hozir hal qilinishi kerak boʻlgan eng muhim masala – «Oʻzbekfilm»ni asrash va uni garovdan xalos qilish. Bugun «Oʻzbekfilm»ning 22,9 million yevro miqdorida kredit majburiyati borligini bilarmidingiz? Studiyaning mol-mulki, jumladan, yer maydonlari ham ushbu kredit uchun garovga qoʻyilgan. Bu hali hammasi emas. Soliqlardan qariyb 1 milliard soʻmlikdan ortiq qarzdorlik toʻplangani sababli, kinostudiya balansidagi 12 ta avtomashina 12 kun ichida auksionga qoʻyilishi xavfi bor. Xodimlarning ish haqlari boʻyicha ham yirik qarzdorliklar shakllangan», deya yozdi u oʻzining Telegram kanalida.

Ahmedovning qoʻshimcha qilishicha, kinostudiya bir yilda kamida 60 milliard soʻmlik buyurtma bajarmasa, oʻzini saqlab turolmaydi. Yaʼni u amalda davlat buyurtmasiga qaram boʻlib qolgan. Biznes modeli yoʻq. Bozor mexanizmiga toʻliq oʻtilmagan.

«Bu raqamlar ortida bir asrlik oʻzbek kinosi tarixi, uning obroʻsi va taqdiri turibdi. «Oʻzbekfilm»da ne-ne buyuk rejissyorlar, aktyorlar, operatorlar, rassomlar va kino mutaxassislari oʻz yoʻlini boshlagan. Xalqimiz bugun ham sevib tomosha qiladigan koʻplab filmlar shu yerda yaratilgan. Shuning uchun bugungi vazifa – studiyani shunchaki saqlab qolish emas. Uni tubdan isloh qilish kerak», deydi Kinematografiya agentligi direktori.

Maʼlumot uchun, Kinematografiya agentligiga 2019-2024 yillarda Firdavs Abduxoliqov, 2024-2026 yillarda Shuhrat Rizayev rahbarlik qilgan.