Toshkent shahar hokimligi Glinka koʻchasida sodir boʻlgan hodisa yuzasidan qoʻshimcha maʼlumot berdi.
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, diametri 219 mm boʻlgan yerosti gaz quvuridan sizib chiqqan gaz issiqlik tarmogʻi kamerasida toʻplanib, avariya holatini keltirib chiqargan.
Tekshiruv davomida gaz quvurining taxminan 375 kvadrat santimetr (15×25 sm) maydonida bir nechta joydan gaz sizib chiqayotgani aniqlangan.
Ayni paytda mutaxassislar hodisaning kelib chiqish sabablari va boshqa tafsilotlarini oʻrganmoqda. Shuningdek, muhandislik tarmoqlarining holati tekshirilib, bunday holatlarning takrorlanishiga yoʻl qoʻymaslik choralari koʻrilmoqda.
Tekshiruv yakunlanganidan soʻng yoʻl qoplamasini tiklash ishlari davom ettiriladi. Hokimlik maʼlumotiga koʻra, yoʻl yaqin vaqt ichida transport harakati uchun ochilishi rejalashtirilgan.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergov yakunlariga koʻra, aybdor shaxslarning xatti-harakatlariga huquqiy baho beriladi.
Toshkent shahar hokimligi vaziyat doimiy nazoratda ekanini maʼlum qildi.











