18:22 / 26.02.2021
32874

«Boshqa mutasaddilar ham mahallalarga kirib borishlari kerak» - prezident Namangan viloyati hokimi mahallaga ko‘chib borgani haqida

Prezident Shavkat Mirziyoyev barcha hududlar rahbarlari mahallalarga kirib borishi kerakligini ta'kidlab, bu borada Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqovni namuna sifatida keltirdi.

«Hokimlar mening vakillarim, lekin men «Shodiyona» va «Bunyodkor» mahallalariga borganimdan keyin o‘zimga kela olmayapman. Axir bu davlatga xiyonat!

Hozir Namangan viloyati hokimi mahallaga borib yashayapti. Har kuni uning yoniga 40-50 nafar ayollar kelishyapti. Chunki ularning muammolari bilan yillar davomida hech kim shug‘ullanmadi. Xuddi shunday endi boshqa mutasaddilar ham mahallalarga kirib borishlari kerak.

Ishlamaganlarni menga ayamay ko‘rsatinglar, shaxsan nazorat qilaman. Xuddi o‘zingizning ayolingiz, qizingiz, onangizga bo‘lgan munosabatni o‘ylab ko‘ringlar. Olti oy muddat ichida mo‘tabar ayollarimizning muammolarini yechib berib o‘zimizni ko‘rsatishimiz shart. Menga raqamlar kerak emas, masalaning yechimini ko‘rsatinglar, xalqni rozi qilinglar», deya davlat rahbarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri. 

Prezident ayni vaqtda O‘zbekistonda 9 ming ayol noturar joylarda yashab kelayotganini aytib o‘tgan.

«Xotin-qizlar muammolarini o‘rganish va manzilli ishlash maqsadida mutlaqo yangi tizim yaratildi, «ayollar daftari» joriy etildi. Joylarda bevosita 6,4 million ayollar bilan muloqot qilish orqali 9ta mezon asosida ushbu daftarga 433 ming nafar ayol kiritilib, elektron baza shakllantirildi.

Shundan 253 ming nafari – ishsizlar, 44 ming – tibbiy, 48,5 ming – huquqiy va psixologik yordamga muhtojlar, 37 ming – boquvchisini yo‘qotgan, 33,5 ming – nogironligi bo‘lganlar (shundan 4,5 ming – uy-joyini ta'mirlashga muhtoj), 9 ming – noturar joyda yashovchilar, 8 ming – nogironligi bo‘lgan farzandini tarbiyalayotgan yolg‘iz ayollarni tashkil etadi. Har bir hokim o‘zi uchun yozib olsin – 9 ming ayol noturar joyda yashab kelyapti», degan davlat rahbari ayollar va qizlarning muammolarini hal qilish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalasiga bag‘ishlangan videoselektorda.

Top