Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
IT xizmatlar eksporti kelgusida 1 milliard dollarga yetkaziladi – prezident topshirig‘i
Shavkat Mirziyoyev raqamlashtirish bo‘yicha xalqni rozi qiladigan tizim to‘liq yaratilmaganini tanqid qildi. Aholi eng ko‘p murojaat qiladigan ichki ishlar idoralarida 34 ta, adliyada 32 ta, sog‘liqni saqlashda 11 ta xizmat elektron shaklga o‘tkazilmaganini ta’kidladi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘zbekistonda IT xizmatlar eksporti kelgusida 1 milliard dollarga yetkaziladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raqamlashtirish bo‘yicha 2023 yilgi vazifalar va rejalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida topshiriq berdi.
Yig‘ilishda so‘nggi uch yilda IT sohasiga qaratilgan jiddiy e’tibor natijasida ma’lum o‘zgarishlarga erishilgani ta’kidlandi.
Masalan, o‘tgan yilda IT Park rezidentlari 5 trillion so‘mlik xizmatlar ko‘rsatdi (2021 yilda 2,5 trillion so‘m), 140 million dollarlik xizmatlarni eksport qildi (2021 yilda 50 million dollar).
Shu bilan birga, mavjud 715 ta davlat xizmatidan 370 tasi raqamli platformaga o‘tkazilib, bu xizmatlardan o‘tgan yili 12 million aholi foydalandi (2021 yilda 9 million bo‘lgan).
Raqamlashtirish natijasida 70 dan ortiq turdagi ma’lumot va hujjatlar aholidan talab qilinishi bekor qilindi.
Davlat rahbari sohada amalga oshirilgan ishlar yetarli emasligini, IT xizmatlar eksportini kelgusida 1 milliard dollargacha oshirish reja qilinganini qayd etdi.
Buning uchun:
- kamida 100 ming nafar malakali dasturchi, IT arxitektorlari, operatorlari va muhandislari kerakligi;
- hududlarda yuqori tezlikdagi internet va mutaxassislar uchun shart-sharoitlarni kengaytirish lozimligi;
- xorijiy IT kompaniyalar ko‘payishi uchun yanada qulay muhit yaratish zarurligi;
- zamonaviy IT kasblarga o‘qitish tizimini yaratish kerakligi;
- aholi va tadbirkorlar uchun eng zarur bo‘lgan kamida 200 ta yangi elektron xizmatlarni ishga tushirish shartligini ko‘rsatib o‘tdi.

Yig‘ilishda raqamli texnologiyalardan foydalanish ko‘lamini yanada oshirish zarurligi ta’kidlandi. Masalan, vazirliklarning 5 mingta funksiyasidan faqat 30 foizi raqamlashgan.
Elektr energiyasi iste’molini nazorat qilish va hisobga olish avtomatlashtirilgan tizimining (EHNAT) 160 dan ortiq funksiyasi bo‘lsa-da, hozirda faqat 1-2 tasidan foydalanilyapti, xolos. Jumladan, tuman elektr tarmoqlari korxonalari qayerda avariya bo‘lganini faqat aholi murojaati orqali biladi.
Shu kabi masalalar tartibga solinmagani tanqid qilinib, mutasaddilarga EHNAT imkoniyatlarini to‘liq inventarizatsiya qilib, ularni hududlarning elektr balansini shakllantirish, noqonuniy ulanishlar va avariyalarni nazorat qilish, iste’molni rejalashtirish kabi yo‘nalishlarda ishlatish topshirildi.
Aholi eng ko‘p murojaat qiladigan ichki ishlar idoralarida 34 ta, adliya idoralarida 32 ta, «O‘zstandart»da 29 ta, sog‘liqni saqlashda 11 ta xizmat elektron shaklga o‘tkazilmagani qayd etildi.
Misol uchun, ishga yoki o‘qishga kirish, haydovchilik guvohnomasini olishda kerak bo‘ladigan «086-shakl» tibbiy ma’lumotnomani olish uchun odamlar har safar poliklinikaga murojaat qilishga majbur.
Yerlarni xususiylashtirish uchun murojaat onlayn beriladi. Ammo kommunal sohadagi ma’lumotlar raqamlashmagani bois, keyingi bosqichlar baribir «qo‘lda» qilinmoqda.
Yoki, yiliga 300 mingdan ziyod xaridor yangi mashina sotib oladi. Lekin, ro‘yxatdan o‘tish va davlat raqami olish uchun haligacha yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga borish zarur.
Prezident qolgan vazirliklarda ham raqamlashtirish bo‘yicha hali xalqni rozi qiladigan tizim to‘liq yaratilmaganini ta’kidladi.
IT cohasida dasturiy mahsulot ishlab chiqarishda ham, eksportda ham hududlar kesimida nomutanosiblik kuzatilayotgani, asosiy qism Toshkent shahriga to‘g‘ri kelayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Salohiyati yuqori bo‘lgan Navoiyda atigi 20 ming dollar, Buxoro va Toshkent viloyatlarida bor-yo‘g‘i 170 ming dollarlik eksport bo‘lgan. Qoraqalpog‘iston va Surxondaryoda ham iqtidorli yoshlar ko‘pligi, lekin ularga sharoit yo‘qligi uchun IT xizmatlari rivojlanmayotgani ta’kidlandi.
Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Namangan, Surxondaryo, Navoiy va Toshkent viloyatida haligacha IT parklar tashkil etilmagani tanqid qilinib, bu boradagi ishlarni jadallashtirishga topshiriq berildi.
Eng avvalo, raqamlashtirish bo‘yicha Toshkentda sinovdan o‘tgan loyihalar barcha viloyatlarda joriy qilinishi belgilandi.
Mavzuga oid
14:34 / 05.01.2026
50 ga yaqin funksiya va vakolat mahalliy ijro organlariga o‘tkaziladi
19:29 / 16.12.2025
Prezident: shaharning barcha ko‘chalaridagi ariqlarda suv aylanishi kerak
18:44 / 16.12.2025
«Endi poytaxtda boshqaruv o‘zgaradi». Prezident – Toshkentning kelgusi yillardagi taraqqiyoti haqida
12:36 / 25.11.2025