2022 yil noyabr oyida tashkil etilgan “Ibrat farzandlari” loyihasi xorijiy tillarini bepul, sodda va kreativ usulda o‘rgatadi. Loyiha doirasida 13 ta til bo‘yicha 22 turdagi tizimli va “0”dan boshlangan darslar majmuasi ishlab chiqilmoqda.

Millisekundlar ham muhim ahamiyat kasb etadigan tezkor zamonamizda dunyo bilan hamqadam bo‘lishdagi eng muhim omil – shubhasiz, kommunikatsiya va til vositasi sanaladi. Jahon tillarini o‘rganish nafaqat muloqot imkoniyatlarini oshiradi, balki shaxsning mehnat bozoridagi muvaffaqiyatini, kognitiv qobiliyatlarini, tafakkur diapazonini ham kengaytiradi.

Ish beruvchilar nomzod uchun eng zaruriy ko‘nikmalarni sanab o‘tganda, doimo "bir nechta tilni bilish" qobiliyatiga alohida urg‘u beradi. Ko‘pincha bu ko‘nikma nomzodning boshqa qobiliyatlari va hatto ish tajribasidanda og‘irroq tosh bosadi. Boshqacha qilib aytganda, dizayner, servis xodimi, sotuvchi yoki kichik biznes egasi bo‘ladimi - har qanday sohada ko‘p tillilik kishining professional maqsadlariga erishishida muhim o‘rin tutadi.

Bundan tashqari, yangi tilni o‘rganish yangi madaniyatni o‘rganish demakdir. Dunyo tarixi va san’atining aksariyati - kitoblari, filmlari, musiqalari, badiiy asarlari va ilmiy tajribalari turli tillarda namoyon bo‘ladi. Nemis tilining nafisligi-yu, yapon madaniyati intrigasini, arab tilining o‘ziga xos ohangi-yu, italyan tilining she’riy jozibasini, ingliz tilining bepoyonligi-yu, fransuz tilining go‘zalligini – faqatgina mana shu tillarni o‘rganish orqali to‘laqonli his qilish mumkin. Shekspir klassikasini asl ingliz tilida mutolaa qilish, Neruda she’rlarini shoir ona tilisi - ispanchada o‘qish yoki Kurosavaning «Rashomon»ini haqiqiy-yaponcha versiyasida tomosha qilish - barchasi faqat til o‘rganish taqdim eta oladigan zavqdir.

Umuman, til o‘rganish orqali erishiladigan imkoniyatlar haqida soatlab gapirish mumkin. Ammo bu ko‘nikmani shakllantirish oson kechmaydi. Til o‘rganishda malakali ustoz, samarali strategiya, o‘rganilgan bilimlarni mustahkamlash birlamchi hisoblanadi. Ammo yurtimizda til o‘rgatuvchi professional kadrlar yetishmaydi. Bizda asosiy urg‘u mashhur va ommabop tillarga qaratilgan. Kadrlar ham asosan ingliz tiliga ixtisoslashgan mutaxassislar. Masalan, ispan yoki yapon tilini o‘rganishni istagan hammaga ham o‘qituvchi yetarli emas. Professional mutaxassislar esa odatda markazlarda bo‘ladi. Chekka-chekka hududlarda yashovchi aholi esa shaharga yetib borishi qiyin.