Prezident Shavkat Mirziyoyev 18-sentabr kuni Nukus shahridagi “Nukus Insulation Group” korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Korxonada mahalliy bazalt xomashyosidan zamonaviy issiqlik izolyatsiyasi materiallari ishlab chiqarilmoqda. Umumiy qiymati 50 million dollar boʻlgan korxonaga Yevropada ishlab chiqarilgan zamonaviy uskunalar oʻrnatilgan. Ular mahalliy xomashyodan xalqaro standartlarga mos mahsulot tayyorlash imkonini beradi.

Korxona yiliga 300 milliard soʻmlik 50 ming tonna issiqlik izolyatsiyasi materiallari ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu yerda 150 ta yangi ish oʻrni yaratilgan.
Davlat rahbari ishlab chiqarish jarayoni va mahsulotlar bilan tanishib, korxona jamoasi bilan samimiy muloqot qildi.

Shu yerning oʻzida Qoraqalpogʻiston tumanlariga biriktirilgan viloyatlar hokimlari oʻtgan davrda amalga oshirilgan ishlar haqida axborot berdi.
Prezident viloyatlar koʻmagida ushbu tumanlarni qoʻllab-quvvatlash va obodonlashtirish ishlari koʻlamini yanada kengaytirish zarurligini taʼkidladi. Hududlar oʻrtasidagi aloqalar va ishlab chiqarish kooperatsiyasini mustahkamlash, mavjud imkoniyatlardan birgalikda foydalanib, aholi bandligi va daromadlarini oshirishga qaratilgan loyihalarni koʻpaytirish muhimligi qayd etildi.

















