O‘zbekiston | 16:04 / 27.07.2019
81729
3 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryo hokimi Yakkabog‘ga keldi: tadbirkorning do‘koni buzilmaydigan, moddiy zarar qoplanadigan bo‘ldi

Bugun, 27 iyul kuni Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyev bo‘layotgan voqealar bilan yaqindan tanishish va mavjud muammolarni hal etish maqsadida Yakkabog‘ tumanida bo‘lib turibdi. U «Eski Yakkabog‘» qo‘rg‘onchasiga tashrif buyurib, bir guruh tadbirkorlar bilan uchrashgan, ularning muammo va murojaatlarini tinglagan.

Yakkabog‘ tuman hokimligi matbuot xizmati rahbari Bozor Azizovning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, viloyat rahbari tuman hokimi o‘rinbosari Mansur Tuymayevga benzin sepib, yoqib yuborgan Bahriddin Isomovning rafiqasi Nodira Haydarova hamda farzandi Sharofiddin Daminov bilan yakka tartibda suhbatlashgan. Ma'lumotlarga ko‘ra, tadbirkorning do‘koni buzilmaydigan, yetkazilgan moddiy zarar esa sud orqali undiriladigan bo‘ldi.

«Tadbirkor Bahriddin Isomovning do‘koni buzilmaydigan bo‘ldi. U qayta rekonstruksiya qilinadi. Fasad qismi o‘zgartiriladi. Shuningdek, boshqa tadbirkorlarning ham do‘konlari buzilmaydi. Buzilganlariga esa, yer ajratilib, kompensatsiya beriladi. Bu ishlarni viloyat hokimi shaxsan nazoratga olishini ta'kidlab o‘tdi», — deydi Kun.uz muxbiri bilan suhbatda B.Azizov.

Tuman matbuot xizmati ma'lumotiga ko‘ra, Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyev erta tongdan qo‘rg‘onchaga tashrif buyurgan va do‘koni buzilgan 30 nafar tadbirkorga o‘z do‘konlari oldida bo‘lib turishni so‘ragan va ularning har biri bilan gaplashib, muammosini tinglagan. Joyida mutasaddilarga muammoni hal etish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar bergan.

Shuningdek, Z.Ro‘ziyev tuman hokimligi va tadbirkorlar o‘rtasida yuzaga kelgan tushunmovchilik va anglashilmovchiliklarga chek qo‘yish maqsadida, «Obod qishloq» dasturi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar mazmun-mohiyati haqida tushuntirgan.

Ayni damda, viloyat hokimi mazkur qo‘rg‘onchada bo‘lib turibdi. Kun.uz yaqin soatlar ichida ushbu uchrashuv yakuni va holat yuzasidan to‘liq material e'lon qiladi.

Eslatib o‘tamiz, saytimizda avvalroq Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanidagi Eski Yakkabog‘ qo‘rg‘onchasida «Obod qishloq» dasturi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar va noturarjoy imoratlarining buzilishi va unga tadbirkorlar tomonidan bo‘layotgan keskin norozilik bo‘yicha surishtiruv va tahliliy maqolalar e'lon qilingan edi.

Mavzuga oid