“Özbekiston bilan viza muzokaralari – vaqt masalasi” - YEI elçisi Toyvo Klaar bilan suhbat
|16:001 43415 min
Yevropa Ittifoqining Özbekistondagi elçisi Toyvo Klaar Kun.uz'ga bergan intervyusida ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati, mintaqalarning özaro savdo-transport boğliqligi va viza masalalari, şuningdek, sanksiyalar va Yevropaning Isroilga munosabati haqidagi savollarga javob berdi.
- Toşkentdagi faoliyatingizga ikki yil böldi. Şu davrda Özbekiston–Yevropa Ittifoqi munosabatlarida qaysi asosiy muhim özgarişlarni qayd etgan bölardingiz?
- Xöş, bu yerda faoliyat yuritayotgan davrimda uçta tarixiy voqea yuz berdi. Birinçisi, albatta, 2025-yil bahorida Samarqandda bölib ötgan sammit edi. Keyin, ötgan yilning kuzida prezident Mirziyoyev Bryusselga taşrif buyurdi va biz Kengaytirilgan şeriklik va hamkorlik töğrisidagi bitimni imzoladik. Bu voqealarning barçasi munosabatlarimiz rivojlanib, mustahkamlanib borayotgani va yangi bosqiçga kötarilganining ramzidir.
Endi esa uşbu imkoniyatlardan, xususan, Kengaytirilgan şeriklik va hamkorlik töğrisidagi bitimdan munosabatlarimizni yanada rivojlantiriş yölida foydalanişimiz kerak.
- Kengaytirilgan şeriklik va hamkorlik töğrisidagi bitim Özbekiston uçun amalda nimani özgartiradi?
- Siz yuqorida bu bitim munosabatlarimiz kölamini kengaytirişini taʼkidlab ötdingiz, ammo oxir-oqibat bitimning özi şeriklik uçun asos xolos. Unda har ikki tomon şeriklikni kengaytiriş va yanada kengroq hamda çuqurroq munosabatlarni rivojlantiriş istagini bildirgan. Biroq bu munosabatlarga nimalar olib kirişimiz özimizga boğliq. Bu, avvalo, bitimda belgilangan turli tuzilmalarni qanday taşkil etişimiz va ulardan qay darajada foydalanişimizga boğliq.
Masalan, endi bizda ilgari mavjud bölmagan yangi Savdo kengaşi bor. Biz uşbu kengaş faoliyatini yölga qöyişimiz va bitim doirasida yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanişimiz kerak.
Şuningdek, inson huquqlari, qonun ustuvorligi va yaxşi boşqaruvga alohida eʼtibor qaratilgan. Bu tamoyillar munosabatlarimiz uçun juda muhim asos ekaniga har ikki tomon ham qöşiladi.
Yana bir bor taʼkidlayman, endi asosiy vazifa - bitimda belgilangan umidlarni amalda röyobga çiqariş. Ikki tomonlama şeriklik bitimi faqat asos yaratadi. Uning imkoniyatlaridan töliq foydalaniş esa Toşkent va Bryusseldagi bizga, yaʼni uşbu munosabatlarni rivojlantirayotgan odamlarga boğliq. Barça mexanizmlardan samarali foydalanib, munosabatlarimizni haqiqatan ham yangi bosqiçga olib çiqişimiz kerak. Menimça, biz bu yölda harakat qilyapmiz.
Mavzuga oid
Yevropa Ittifoqi Özbekiston bilan aloqalarni yangi bosqiçga olib çiqmoqçi. Samarqanddagi sammit va Bryusselda imzolangan keng qamrovli bitim buning siyosiy asosini yaratdi. Endi kelişuvlarni amaliy natijaga aylantiriş, savdo va transport aloqalarini kengaytiriş asosiy vazifalar bölib qolmoqda.
Siz aytganingizdek, KŞHB joriy yilning bahoridan boşlab vaqtinça qöllana boşlandi. Hozir esa unda nazarda tutilgan imkoniyatlardan töliq foydalaniş uçun yangi tuzilmalar va mexanizmlarni bosqiçma-bosqiç yölga qöymoqdamiz.
- YEI Markaziy Osiyo davlatlari bilan migratsiya masalalarini ham muhokama qilmoqda. Masalan, Qozoğiston bilan viza yengilligi va readmissiya böyiça muzokaralar olib borilyapti. Bu masala rasmiy Toşkent uçun ham dolzarb. Özbekiston bilan muzokaralarni boşlaşga aynan nima tösqinlik qilmoqda?
- Menimça, birinçi va eng aniq sabab – Qozoğiston Kengaytirilgan şeriklik va hamkorlik töğrisidagi bitimni ança oldin imzolagan. Bu bitim kuçga kirgan, yaʼni barça iştirokçi davlatlar tomonidan ratifikatsiya qilingan. Özbekiston bilan tuzilgan bitim esa vaqtinça qöllanmoqda, ammo hali töliq kuçga kirmagan.
Şuning uçun bu – jarayonning tabiiy rivojlanişiga boğliq. Qozoğiston bitimi töliq kuçga kirgani sababli viza tartibini yengillaştiriş böyiça muzokaralarni boşlaşga muvaffaq böldi. Özbekiston bitimini ratifikatsiya qiliş jarayoni oldinga siljigan sari Özbekiston bilan ham şunday muzokaralarni boşlaş masalasini muhokama qiliş darajasiga yetamiz, deb işonaman. Hozirça bu Qozoğiston va Özbekistonning jarayondagi turli bosqiçlarda turgani bilan boğliq. Demak, bu vaqt masalasi, şu bilan birga, mavjud imkoniyatlardan töliq foydalaniş masalasi hamdir.
Bilaman, Yevropaga sayohat qilayotgan özbekistonliklar soni ortib bormoqda. Yevropa Ittifoqiga aʼzo ayrim davlatlar Özbekiston bilan mehnat migratsiyasi böyiça kelişuvlarga ega. Bularning barçasi yaxşi, munosabatlarimiz rivojlanayotganini körsatadi. Muhimi, Yevropa Ittifoqiga sayohat qilayotgan va u yerda işlayotgan odamlar qoidalar va tartiblarga, jumladan, vizalariga oid talablarga rioya qilişlari kerak. Jiddiy qoidabuzarliklar bölmasligi lozim. Özbekiston fuqarolarining Yevropa Ittifoqidagi ijobiy tajribasi bu sohada ham munosabatlarimizni rivojlantiriş uçun yaxşi asos böladi.
- Xitoy, Qirğiziston va Özbekiston özaro temiryöl qurmoqda. YEI esa Global Gatewayorqali Transkaspiy yölagini rivojlantirmoqda. Bu yöllar kelajakda bir-biriga ulanişi ham mumkin. YEI Xitoy bilan hamkorlikda qurilayotgan infratuzilmaga qanday qaraydi, undan Yevropaga çiqadigan yagona transport tarmoğining bir qismi sifatida foydalanişga tayyormi?
- Biz Markaziy Osiyoni muhim savdo hamkori va tovarlar kelib çiqadigan muhim mintaqa sifatida köramiz. Şu bilan birga, Xitoydan kelayotgan tovarlarni Transkaspiy yölagi orqali taşişdan ham manfaatdormiz. Masalan, Xitoy, Qirğiziston va Özbekiston örtasida rivojlantirilayotgan infratuzilma Ğarbga, Transkaspiy transport yölagi orqali çiqiş imkonini beradi. Demak, bu yönalişlar bir-biriga zid emas, aksinça, bir-birini töldiradi.
Özbekiston va uning Markaziy Osiyodagi qöşnilari şarqqa tomon infratuzilma aloqalarini rivojlantirayotganini olqişlaymiz. Biz esa birgalikda Ğarbga tomon transport infratuzilmasini rivojlantiriş, Markaziy Osiyoning jahon iqtisodiyotiga yaxşiroq boğlanişi va integratsiyalaşuvini taʼminlaş ustida işlaşimiz mumkin.
Oxir-oqibat Xitoydan kelayotgan poyezdlarning Yevropaga raqobatbardoş muddatda yetib borişidan manfaatdormiz. Bu işlab çiqaruvçilar va yetkazib beruvçilarni Transkaspiy yölagi imkoniyatlaridan töliq foydalanişga undaydi. Demak, biz Markaziy Osiyodagi hamkorlarimiz bilan Transkaspiy yölagini mintaqaning özi uçun ham, undan şarqdagi hududlardan keladigan tovarlar tranziti uçun ham rivojlantirişni istaymiz.
- Maʼlumki, Global Gateway dasturi Markaziy Osiyoda muhim örin tutadi. Uning hozirgi amalga oşiriliş jarayoni va erişilgan natijalar haqida batafsilroq maʼlumot bera olasizmi?
- Global Gateway'ning bir neçta ustuvor yönalişlari bor. Biz raqamli aloqa va transport masalalariga eʼtibor qaratmoqdamiz. Şuningdek, atrof-muhitni muhofaza qiliş va oldimizda turgan muammolarni birgalikda hal qiliş ustida ham işlayapmiz. Global Gateway - Yevropa Ittifoqining hamkorlarimizga, bu holatda Özbekiston va uning Markaziy Osiyodagi qöşnilariga, özaro aloqalarni mustahkamlaş va iqtisodiy salohiyatini rivojlantirişda yordam beriş vositasi.
Maqsad şunçaki alohida loyihalarni amalga oşiriş emas, balki iqtisodiy aloqalarni rivojlantiriş, Özbekistonning iqtisodiy salohiyati va raqobatbardoşligini oşiriş hamda uni Yevropa Ittifoqi uçun yanada yaxşi hamkorga aylantirişdir.Umuman olganda, Global Gateway strategiyasi allaqaçon sezilarli natijalar bermoqda. Transport infratuzilmasiga 3 milliard yevro sarmoya kiritilmoqda. Ammo uning töliq salohiyatini röyobga çiqariş uçun hali birgalikda işlaşimiz kerak.
- Rossiya–Ukraina uruşi davom etayotgan bir paytda, YEI 2026–2027-yillar uçun Ukrainaga 90 mlrd yevrolik kredit mexanizmini işga tuşirdi. Mablağning 60 milliardi mudofaa, 30 milliardi esa iqtisodiy va byudjet ehtiyojlariga yönaltiriladi. Yevropa uruş yana qança davom etişiga moliyaviy jihatdan tayyor?
- Avvalo, hammamiz uruş tugaşini xohlaymiz. Agar janob Putin Ukrainaga bosqinni töxtatişga qaror qilsa, uruş ertagayoq tugaşi mumkin. Şu maʼnoda, barçamiz janob Putin boşlagan uruşning qurbonlarimiz. Buning oqibatlarini har kuni his qilyapmiz. Ukrainaliklar bombalar, raketalar va dronlar hujumidan aziyat çekmoqda. Tinç aholi halok bölmoqda, fuqarolik infratuzilmasi vayron qilinmoqda. Yevropa Ittifoqi va unga aʼzo davlatlar ham iqtisodiy zarar körmoqda. Savdo va energiya oqimlari buzildi.
Bundan taşqari, Rossiya tajovuzi mudofaa xarajatlarini keskin oşirişga majbur qildi. Bu mablağlarni taʼlim, ijtimoiy soha yoki boşqa yönalişlarga sarflaş yaxşiroq bölardi.
Bir neça kun oldin Yandex'ga qilingan hujum ortidan Toşkentda ham uzilişlarni kuzatdik. Bu Ukraina tomonidan Rossiya tajovuziga javoban amalga oşirilgan qonuniy harakat. Özbekistonda yoqilği narxlari oşganini ham kördik. Demak, Rossiya boşlagan va janob Putin istagan paytda töxtatişi mumkin bölgan bu uruş hammaga taʼsir qilmoqda. Global miqyosda esa oziq-ovqat taʼminotiga zarar yetmoqda. Rossiya Qora dengizdagi kemalarga hujum qilib, Ukrainaning buğdoy eksportiga tösqinlik qilmoqda. Yana bir bor taʼkidlayman: Rossiya tajovuzi butun dunyoga taʼsir qilmoqda va janob Putin istasa, uruşni ertagayoq töxtatişi mumkin. Yevropa Ittifoqi Ukrainani qança vaqt qöllab-quvvatlay oladi degan masalaga kelsak.
Aslida bizda boşqa tanlov yöq, çunki bu masalani hayotiy ahamiyatga ega deb bilamiz. Agar Rossiyaning Ukrainaga qarşi tajovuzi ğalaba bilan yakunlansa va Rossiya qöşnisiga hujum qilib, bundan manfaat körişi mumkinligini anglasa, Yevropa Ittifoqi xavf ostida qoladi. Rossiya bilan çegaradoş boşqa mamlakatlar ham tahdid ostida böladi. Şuning uçun Ukrainani qöllab-quvvatlaşni davom ettiriş biz uçun hayotiy ahamiyatga ega. Rossiya xalqi qöşniga hujum qiliş, bosqinçilik uruşini boşlaş mutlaqo qabul qilib bölmaydigan iş ekanini tuşunişi kerak. Şu bois, Ukrainani yana bir yil, ikki yil, uç yil yoki beş yil qöllab-quvvatlaymiz, deb aniq muddat ayta olmayman. Uruş ertagayoq tugaşiga umid qilaman.
- Ukrainada yuz berayotgan korrupsiya mojarolariga qanday munosabat bildirasiz?
- Albatta, korrupsiya mojarolari haqida öqib turibmiz. Bu yaxşi holat emas. Biroq bu mojarolar haqida oçiq yozilayotgani, ular yuzasidan çoralar körilayotgani va aybdorlar öz qilmişlari uçun javob berayotgani ijobiy. Ukraina – Yevropa Ittifoqiga aʼzolik uçun nomzod mamlakat. Bu jarayonda qonun ustuvorligi, hukumat şaffofligi va samarali boşqaruvni taʼminlaş juda muhim. Ukrainaning asosiy qöllab-quvvatlovçilaridan biri sifatida biz uçun korrupsiya holatlari bilan şuğullaniş, ularni şaffof tekşiriş va bu orqali mamlakatda boşqaruv tizimini yaxşilaş muhim.
Albatta, bunday mojarolar umuman yuz bermagani maʼqul edi. Ammo ularning ommaviy axborot vositalarida yoritilayotgani va bunday xatti-harakatlar oqibatlarsiz qolmayotgani ijobiy.
- Rossiya-Ukraina uruşi davomida Yevropa Ittifoqi Moskvaga qarşi köplab sanksiyalar joriy etdi. Agar sanksiyalarga amal qiliş Markaziy Osiyo davlatlariga iqtisodiy zarar keltirsa, YEI bu yöqotişlarning örnini qanday qoplaşni taklif qiladi?
- Aytganimdek, Rossiyaning Ukrainaga qarşi uruşi barçamiz uçun iqtisodiy oqibatlarga olib keldi. Özbekiston ham, Yevropa Ittifoqi ham bu uruşdan aziyat çekmoqda. Barçamiz uning oqibatlarini his qilyapmiz, ammo eng katta zarar körayotgan tomon – Ukraina.
Savolingizga javoban aytişim mumkinki, biz Rossiyani uruşni töxtatişga undaş uçun birgalikda harakat qilişimiz kerak. Rossiya qöşinlarini Ukraina hududidan olib çiqişi lozim. Uruşning tugaşi, yana bir bor taʼkidlayman, janob Putinning qölida. Bu, albatta, barçamiz aziyat çekayotgan iqtisodiy vaziyatning yaxşilanişiga ham yordam beradi. Şuning uçun asosiy sababga eʼtibor qarataylik. Muammoning ildizi Moskvada. Janob Putinni uruşni töxtatişga undaş uçun barça imkoniyatlardan foydalanaylik.
- YEI Ğarbiy sohildagi isroillik köçmançilar zöravonligi va noqonuniy aholi punktlari kengayişiga qarşi çiqmoqda. Nega Yevropa Ittifoqi Isroilga nisbatan faqat ayrim şaxslar va taşkilotlarga sanksiya joriy etmoqda? Nima uçun Rossiya va Eronga nisbatan qöllaganidek, Isroilga qarşi kengroq sanksiyalar joriy etmayapti?
- Biz har bir vaziyatning öziga xos jihatlarini hisobga olgan holda qaror qabul qilamiz. Isroilning Ğazo va Ğarbiy sohildagi siyosati hammaga maʼlum. Siz taʼkidlaganingizdek, biz bu masalada faol siyosat yurityapmiz. Yevropa Ittifoqi uzoq vaqtdan beri ikki davlat yeçimini qöllab-quvvatlaydi va şu yönalişda işlaşda davom etmoqda. Hozirgi şaroitda Yaqin Şarqdagi, xususan, Isroil va Falastin örtasidagi vaziyat doimo kun tartibida turadi. Bu masala aʼzo davlatlar hukumatlari örtasidagi muhokamalarda ham muntazam körib çiqiladi. Bizning siyosatimiz muayyan vaziyatga boğliq.
Isroil-Falastin mojarosi böyiça hozirgaça olib borgan siyosatimiz töğri bölganini köryapmiz. Bu kelajakda siyosatimizni özgartirib bölmaydi, degani emas. Albatta, biz Yevropa Ittifoqi va xalqaro hamjamiyatning saʼy-harakatlari natijasida samarali tinçlik jarayoni qayta boşlanişiga hamda Isroil va Falastin xavfsizligini taʼminlaydigan ikki davlat yeçimiga erişilişiga umid qilamiz.
Umuman olganda, bu mojaroning öziga xos jihatlari bor. Biroq Yevropa Ittifoqining ikki davlat yeçimiga, şuningdek, Isroil va Falastin xavfsizligini taʼminlaşga sodiqligi aniq.
- Yevropa Ittifoqining Isroil bilan munosabatlarida “qizil çiziq” nimadan iborat?
- Hozir Isroilda saylovlar bölib ötmoqda. Saylovlardan söng qanday hukumat şakllanişini va u qanday siyosat yuritişini köramiz. Biz aholi punktlari kengaytirilmasligini, noqonuniy aholi punktlari tugatilişini va Isroil hukumati mustaqil Falastin davlatini barpo etişga çin dildan intilişini kutamiz. Çunki Isroil va Falastinning yonma-yon, tinç-totuv yaşaşi uçun bu zarur.
Buning uçun Falastin davlati ham mustaqil va barqaror faoliyat yurita olişi kerak. Biz buni Isroilning hozirgi hukumatidan ham, kelajakda hokimiyatga keladigan har qanday hukumatidan ham kutamiz.
- Janob elçi, agar keyingi beş yilda YEI–Özbekiston munosabatlarida faqat uçta muhim natijaga erişiş imkoni bölsa, ular nimalar bölişini istar edingiz?
- Birinçi navbatda, Transkaspiy transport yölagini töliq işga tuşirişni istardim. Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo örtasida samarali va muntazam işlaydigan transport aloqasini yaratiş uçun birgalikda harakat qilişimiz mumkin.
Ikkinçidan, iqtisodiy aloqalarimiz bugungidan ança kengayişini xohlayman. Özbekistonda köproq Yevropa kompaniyalari faoliyat yuritişini, mahalliy aholiga xizmat körsatişini va Yevropa sifat standartlariga mos mahsulotlarni taklif qilişini istardim.
Uçinçidan, Kengaytirilgan şeriklik va hamkorlik töğrisidagi bitim doirasida aloqalarimizni yanada çuqurlaştirişni xohlayman. Ayniqsa, samarali boşqaruv, qonun ustuvorligi va biznes hamda fuqarolarimiz uçun qulay şaroit yaratiş borasida köproq natijalarga erişişimiz kerak.
Oxir-oqibat eng muhimi – xalqlarimiz va tadbirkorlarimiz bu hamkorlikdan manfaat körişi. Yevropa kompaniyalari Özbekistonga kelib, sarmoya kiritişni istaşi, Özbekiston fuqarolari esa Yevropa Ittifoqida işlaş va taʼlim oliş imkoniyatlariga ega böliş lozim. Biz har ikki tomon uçun ham foydali va samarali hamkorlikni yölga qöyişimiz lozim.