Tahririyatga bu tumanning Pomuq qishlog‘idan kelgan murojaatda yozilishicha, ushbu hududdagi bir nechta mahallada g‘alati ishlar sodir bo‘lyapti. Odamlar har tong «bu safar kimning uyini o‘g‘ri urib ketdi ekan» degan tashvish bilan uyg‘onayotgan ekan... O‘g‘irlik toqat qilib bo‘lmas darajaga yetibdi.
«Himoyasiz, beva, uyida erkagi yo‘q xonadonlarni-ku gapirmasa ham bo‘lardi», deyiladi murojaatda.
Bugungi kunda bu kabi xabarlarga ishonmay qo‘yganmiz, albatta. Axir, o‘tgan asrda yoki qonunsiz jamiyatda yashamayapmiz! Ommaviy o‘g‘irlik, qo‘rquv va hadik ichida tong ottiradigan zamon ham emas hozir.
Shunday o‘y bilan Mirishkorning chekka qishlog‘i – Pomuqqa yo‘l oldik.
Yo‘limizda duch kelgan ilk odam bilan suhbatlashdik. Ajab! U yuqoridagi xabarni tasdiqladi va tez orada jabrdiydalarni yig‘ib beraman, deya mahalla oralab ketdi. Darhaqiqat, qishloq odamlari yig‘ilar ekan, so‘nggi ikki-uch oy ichida kimningdir moli, qo‘y-echkisi, yana kimningdir muzlatkichi, kimningdir ro‘zg‘or buyumlari o‘g‘irlanayotganini tasdiqlashdi. Joy, vaqt, odam, buyum tanlamas shovvozlar paydo bo‘lganmish.

Misol uchun, pomuqlik Yaxshimurod Murodovning ikki bosh echkisini 27 dekabr kuni o‘g‘irlashgan. Voqea odatdagidek kechasi bo‘lgani uchun uy egalari o‘g‘rilikni sezmagan, qishloqdan bir kilometr nariga olib borib, so‘yib, go‘shtini olib ketishgan. IIB mahalla profilaktika inspektoriga murojaat qilingan, ammo natija bo‘lmagan. Yaxshimurod yana o‘nga yaqin kishi o‘g‘rilik qurboniga aylanganini aytmoqda. Ularning ham mollari topilmagan.
Yig‘ilganlardan biri shu yaqin atrofdagi oilaning ham ikki qo‘chqorini dekabr oyi oxirlarida o‘g‘irlab ketishganini aytib qoldi. O‘sha xonadonga bordik. Uy bekasi Dilbar Jumaturdiyeva bilan suhbatlashdik.

– O‘zi ikki bosh qo‘yim bor edi, o‘g‘limning to‘yiga deb boqayotgandik, shuni ham o‘g‘irlab ketishdi, – deydi D.Jumaturdiyeva. – 22 dekabrda kechasi soat 02:00larda itimiz hurdi, chiqib qarasak, og‘il eshigi ochiq, qo‘ylar yo‘q. Xayriyat, molimizni olib ketishmabdi. IIBga ariza berganmiz. Kelib rasmga olib ketishdi, hozircha biror yangilik bo‘lmadi. So‘nggi ikki-uch oyda bunaqa voqealar ko‘p bo‘lyapti. Qo‘shnimizning ham ikki qo‘yini o‘g‘irlab ketishdi. Turmush o‘rtog‘i vafot etgan, bolalarining yolg‘iz qarovchisi. Ancha qiynalib qoladigan bo‘ldi...





















