Jahon | 19:34 / 26.02.2023
16305
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaga mehnat migrantlari kirib kelishi 2022 yilda 33 foizga o‘sgan - FinExpertiza

2022 yil yakunlariga ko‘ra Rossiyaga ishlash uchun kelgan xorijiy davlat fuqarolari 3,47 mln kishini tashkil etgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan migrantlar soni uchdan bir qismga yoki 871 ming kishiga oshganini bildiradi, deb yozadi FinExpertiza. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, migrantlarning 90 foizi O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistondan kirib kelgan.

Foto: RIA Novosti

Tahlilchilar bularni hisoblashda RF FXX chegara xizmati, IIV migratsiya statistikasi ma’lumotlaridan foydalanishgan.

Tadqiqotga ko‘ra, eng ko‘p mehnat migrantlari O‘zbekistondan kirib kelgan — o‘sish 35,1 foiz yoki 377,7 ming kishi. Shuningdek, Tojikiston (o‘sish 51,8 foiz yoki 336,7 ming kishi), Qirg‘iziston (o‘sish 17,7 foiz yoki 84,6 ming kishi), Qozog‘iston (o‘sish 118,3 foiz yoki 62 ming kishi), Ozarboyjon (o‘sish 21,1 foiz yoki 16,6 ming kishi), Vetnam (o‘sish 900 foizdan oshiq yoki 8 ming kishi), Turkiya (o‘sish 12,9 foiz yoki 2 ming kishi), Turkmaniston (o‘sish 100 barobar yoki 1,6 ming kishi) va Xitoy (o‘sish 12,2 foiz yoki 1,3 ming kishi)dan fuqarolar kirib kelgan.

Rossiyaga kelayotgan mehnat migrantlari sonida pasayish kuzatilayotgan davlatlar ham bor. Bu borada Armaniston yetakchi (kamayish 8,7 foiz yoki 15,6 ming kishi). Shuningdek, Ukraina (kamayish 52,3 foiz yoki 8,3 ming kishi), Serbiya (kamayish 19,8 foiz yoki 880 kishi), Germaniya (kamayish 19,3 foiz yoki 752 kishi), Fransiya (kamayish 22,2 foiz yoki 548 kishi), Italiya (kamayish 20,8 foiz yoki 541 kishi), AQSh (kamayish 29,5 foiz yoki 410 kishi), Chexiya (kamayish 47,8 foiz yoki 361 kishi), Avstriya (kamayish 36,4 foiz yoki 341 kishi), va Niderlandiya (kamayish 37 foiz yoki 275 kishi) kabi davlatlardan migrantlar oqimi pasaygan.

Yil davomida migrantlarni migratsiya hisobiga ro‘yxatga olish va qayta ro‘yxatga olish faktlari soni 11,8 million martani tashkil etgan. Qaydga olishlarning 40 foizi Moskva va Moskva oblastida amalga oshirilgan. Migrantlar, shuningdek Sankt-Peterburg shahri va Leningrad oblasti, Krasnodar o‘lkasi, Irkutsk oblasti, Sverdlovsk oblasti, Amur oblasti, Primore o‘lkasi, Tatariston, Krasnoyarsk o‘lkasida ko‘proq qaydga olingan. Migrantlar uchun eng jozibasiz hudud Nenetsk avtonom okrugi bo‘lgan: bu yerda bor-yo‘g‘i 2 ming marta qayd amalga oshirilgan.

2022 yilning noyabrida Rossiya hukumati Davlat dumasiga migratsion hisobni qayta tashkillashtirish to‘g‘risidagi qonun loyihasini kiritgan edi. U IIVga mehnat migrantlarining hujjatlarini rasmiylashtirish va turar joyiga ko‘ra qaydga olish bo‘yicha “pasport-viza servisi” idoraviy Federal davlat unitar korxonasi hamda Moskvadagi profil MFs “migratsiya” markazi xizmatidan foydalanishni kengaytiradi. Rossiya hukumatidagilar bu migrantlarning Rossiyaga ishlash uchun kirib kelish jarayonini legallashtirishda yordam beradi, deb hisoblashmoqda. Lekin prezident huzuridagi inson huquqlari Kengashi qonun loyihasiga keskin tanqidiy taqriz bergan.

Mavzuga oid