Ro‘yi zaminda bir nikoh buzilganda Arshi a'lo larzaga keladi...

Sudga ajrim uchun ariza topshirayotgan er-xotin tanlagan qarori ham o‘ziga, ham jamiyatga, ayniqsa, uning safiga endi qo‘shilgan kichik yoshdagi farzandining taqdiriga salbiy ta'sir qilishini anglaydi. Ammo anglash boshqa, natija esa amalda boshqacha tus olmoqda.

Oilaviy ajrimlar masalasi bugun yo kechaning gapi emas. Bu borada yozilmagan gap, uni bosib chiqarmagan gazeta, mavzu yangramagan ko‘rsatuv qolmadi, hisob. Mutasaddilardan so‘rasangiz, “loyihalar amalga oshirilyapti, yarashtirish komissiyalari ishlayapti”dan nariga o‘tishmaydi. Lekin murg‘ak qalbning tirik yetim bo‘lishi zamonaviy jamiyatda odatiy holga aylanib bormoqda.

“Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi Kun.uzʼga taqdim etgan ma'lumotiga ko‘ra, 2018 yil aprel–sentabr oylarida 18.521 nafar ajrashish arafasida turgan oilalarda turmushning buzilishiga sabab sifatida quyidagi omillar ko‘rsatilgan:

  • 48,4 foiz — er-xotin o‘rtasidagi maishiy kelishmovchiliklar;
  • 17,4 foiz — qaynona, qaynota yoki uchinchi shaxs, umuman boshqalarning oila ishiga aralashuvi;
  • 5,3 foiz — bepushtlik;
  • 6,3 foiz — moddiy yetishmovchiliklar, turmush o‘rtog‘ining ishsizligi va iqtisodiy muammolar;
  • 5,5 foiz — ichkilikbozlik va boshqa zararli odatlar oqibati;
  • 3,5 foiz — ichki va tashqi migratsiya;
  • 11,3 foiz — boshqa turli sabablar.

Ijtimoiy tarmoqda “Oilaviy ajrimlarga asosiy sabab nima deb o‘ylaysiz?” savoli bilan o‘tkazilgan kichik so‘rovnomada ham tarmoqning aksariyat foydalanuvchilari urf-odatlar, qaynonaning kelinga soliq solishi, kuyovning esa kelin tomondan mulk ta'ma qilishi, kelinlarning ota uyiga “gap tashishi”, telefon va ijtimoiy tarmoqlar, yoshlarning na fikrlash, na pul topish borasida mustaqil emasligi, yigitlarning o‘z so‘zini o‘tkazishga harakat qilishi, qizlarning esa “xo‘p”dan yiroqligi, diniy bilimdan bexabarlik, o‘zaro hurmat tushunchasining yo‘qolishi, besabrlik, aybini tan olmaslik kabilarni sanab o‘tishdi.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, ajrashish arafasida turgan, ajrim qayd etilgan oilalarning muammolari bir-biriga o‘xshamaydi. Ammo har biri o‘z yechimiga ega, ajrimga qadar oilani saqlab qolishning imkoniyati ancha yuqori bo‘lgan.