O‘zbekiston | 00:31 / 19.07.2020
39037
5 daqiqa o‘qiladi

Bir kunda to‘rtta o‘lim holati qayd etildi. Qurbonlar kamida 83 nafarni tashkil etmoqda

18 iyul kuni O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi COVID-19 oqibatida ro‘y bergan 4ta o‘lim holati (ularning barchasi erkaklar) haqida xabar berdi. So‘nggi besh kundan buyon kunlik o‘lim ko‘rsatkichi to‘rttani tashkil etmoqda.

Rasmiy statistikaga asosan, jami qurbonlar 83 nafar yetdi. Sirdaryoda ham ilk qurbon berildi va virus oqibatida o‘lim yuz bermagan hudud sifatida faqatgina Andijon viloyati qolmoqda.

Birinchi o‘lim

Toshkent shahri Mirobod tumanida yashagan 67 yoshli N.S.da (erkak) 14 iyul kuni koronavirus tasdiqlangan va u Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 kasalligining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi bilan kechgan.

Shuningdek, gipertoniya, arterial gipertenziya hamroh kasalliklari bilan ham og‘rigan.

Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi.

Ikkinchi o‘lim

Shayxontohur tumanida yashagan 49 yoshli A.A. (erkak)da 14 iyul kuni koronavirus tasdiqlangan va u Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Bemorda gipertoniya, arterial gipertenziya kabi hamroh kasalliklar ham aniqlangan.

17 iyul kuni mutaxassislar tomonidan to‘liq hajmda, standart asosida o‘tkazilgan reanimatsion choralarga qaramasdan, gipertoniya va arterial gipertenziya kabi hamroh kasalliklar fonida bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligining 4-darajasi hamda poliorgan yetishmovchiligidan vafot etdi.

Uchinchi o‘lim

Guliston tumanida yashagan 69 yoshli T.S. (erkak)da 11 iyul kuni koronavirus tasdiqlangan va Sirdaryo viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasining reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Bemorga miokard infarkti, COVID-19 infeksiyasi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan.

Bemor bundan avval 29 iyun kuni miokard infarkti tashxisi bilan Guliston tumani markaziy shifoxonasida davolangan. Shuningdek, bemorda gipertoniya kasalligining va semizlikning 3-darajalari borligi aniqlangan.

Ushbu hamroh kasalliklar fonida tashxis qo‘yilgan kasallik asoratlari hisobiga ahvoli keskin og‘irlashgan bemor, mutaxassislar tomonidan to‘liq hajmda, standart asosida o‘tkazilgan reanimatsion choralarga qaramasdan, o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etgan.

To‘rtinchi o‘lim

Toshkent viloyatining Zangiota tumanida yashagan 55 yoshli U. A. (erkak) 16 iyul kuni Zangiota tumanidagi «Nazarbek» yuqumli kasalliklar shifoxonasiga o‘ta og‘ir ahvolda olib kelingan.

Bemorda COVID-19 kasalligining o‘ta og‘ir kechishi va ikki tomonlama pnevmoniyaning o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, poliorgan yetishmovchiligi asoratlari kuzatilgan.

17 iyul kuni hamroh kasalliklar fonida kasallik asoratlari hisobiga ahvoli keskin og‘irlashgan bemor, mutaxassislar tomonidan to‘liq hajmda, standart asosida o‘tkazilgan reanimatsion choralarga qaramasdan,  o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligining 4-darajasi hamda poliorgan yetishmovchiligidan vafot etgan.

SSV xabarlarida vafot etgan to‘rt nafar bemorning barchasiga mutaxassislar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar o‘tkazilgani, davolash jarayoni belgilangan standartlar asosida olib borilgani aytiladi.

Bundan tashqari, 18 iyul kuni Madaniyat vazirligining koronavirus yuqtirib olgan 32 yoshli xodimi ham vafot etdi. Bu haqda Madaniyat vazirligi xabar berdi, SSV mazkur o‘limni rasman qayd etganicha yo‘q.

«Bugun Madaniyat vazirligi jamoasi zahmatkash, yosh xodimlaridan birini yo‘qotganidan chuqur qayg‘uda.

1988 yilda tug‘ilgan Irisov Akmal Baxtiyorovich olamdan o‘tdi. Ayni paytgacha u Madaniyat vazirligining Iqtisodiy tahlil, moliya va buxgalteriya boshqarmasi bosh mutaxassisi lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Shifokorlar tomonidan unga o‘tkir nafas yetishmovchiligi, ikki tomonlama pnevmoniya, COVID-19 tashxislari qo‘yilgan.

Madaniyat vazirligi tomonidan uning oila a'zolari va yaqinlariga ta'ziya izhor etib, chuqur hamdardlik bildiramiz», deyiladi vazirlik xabarnomasida.

Shuningdek, 15 iyul kuni Davlat xizmatlari agentligi Navoiy viloyati boshqarmasining mas'ul xodimi Adhamjon Dehqonov 61 yoshida koronavirusdan vafot etgani xabar qilingan edi. Sog‘liqni saqlash vazirligi hozirga qadar bu o‘lim holatini hisobga kiritmadi.

17 iyul kuni Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Sanjar Abduqodirov 40 yoshida hayotdan ko‘z yumgan edi. Qo‘mita o‘z ta'ziyanomasida o‘lim sababiga aniqlik kiritmagani koronavirus degan taxminni yuzaga keltirgandi, ammo SSV bu borada ma'lumot berganicha yo‘q.

Mavzuga oid