AQSH Oliy sudi raisi Jon Roberts 21-avgust, juma kuni quyi instansiya sudlarining Oq uydagi qurilish ishlarini toʻxtatish haqidagi qarorlarini vaqtincha blokladi. Bu esa Tramp maʼmuriyatiga rekonstruksiyani davom ettirish imkonini berdi.

Bundan avval Vashingtondagi federal apellatsiya sudi prezident maʼmuriyatining Oq uyda keng koʻlamli qurilish ishlarini davom ettirishini taqiqlagan edi. Sud fikricha, amaldagi maʼmuriyat prezidentning shaxsiy xohishlariga muvofiq Oq uyni qayta rejalashtirish va rekonstruksiya qilish uchun «cheklanmagan vakolatlarga» ega emas.

Tramp maʼmuriyati mazkur qaror ustidan shikoyat qildi. Prezident Donald Trampning taʼkidlashicha, bal zali va harbiy bunkerdan iborat yangi majmua «oʻz turidagi eng buyuk inshoot» boʻladi. U, shuningdek, bunker qurilishi mamlakat milliy xavfsizligi uchun muhim ekanini bildirgan.

Tramp Oq uydagi keng koʻlamli rekonstruksiyani Kongress roziligisiz boshlagan. Oʻtgan yili u yangi bal zali va bunker uchun joy ochish maqsadida Oq uyning tarixiy Sharqiy qanotini buzish boʻyicha koʻrsatma bergan edi.

AFP agentligiga koʻra, mazkur qurilish Trampning ikkinchi prezidentlik muddati 2029-yil yanvarda yakunlanguniga qadar Vashington qiyofasini oʻzgartirishga qaratilgan bir nechta yirik loyihalaridan biri hisoblanadi.

Jumladan, AQSH prezidenti Oq uy yaqinidagi koʻl hududini ham rekonstruksiya qilishni rejalashtirgan. U yerda balandligi 76 metr boʻlgan ulkan zafar arkasini qurish koʻzda tutilmoqda. Taʼkidlanishicha, rejalashtirilayotgan inshoot Berlindagi mashhur Brandenburg darvozasidan qariyb uch baravar baland boʻladi.

Oliy sudning soʻnggi qarori rekonstruksiyaning qonuniyligi boʻyicha bahsni toʻliq yakunlamaydi. Biroq u hozircha Tramp maʼmuriyatiga Oq uydagi qurilish ishlarini davom ettirish imkonini beradi.