14:48 / 21.09.2022
52932

Grin-karta g‘oliblari soni ma’lum bo‘ldi. O‘zbekiston uchinchi o‘rinda

Boshqa mamlakat fuqarolariga AQShda yashash va ishlash huquqini beruvchi viza olish uchun o‘tkaziladigan grin-karta lotereyasi natijalari ma’lum bo‘lgandi. Tashkilotchilar g‘oliblar sonini hisoblab, ularni qit’alar bo‘yicha saralab chiqishdi.

Foto: Photographer is my life / Getty Images

Bu yilgi lotereyada 119 262 ariza beruvchi g‘olib sifatida ro‘yxatga olindi va ular 2022 yil 1 oktyabrdan 2023 yil 30 sentabrgacha o‘z mamlakatidagi AQSh elchixonasiga viza bo‘yicha intervyuga chaqiriladi. Ularning 55 ming nafariga AQSh vizasi beriladi. Ba’zi manbalarga ko‘ra, bu raqam oshishi ham mumkin, chunki Jo Bayden grin-karta g‘oliblari sonini 80 mingtagacha oshirish kerakligini aytgandi.

Grin-karta g‘oliblari soni bo‘yicha O‘zbekiston bu gal ham doimgidek yuqori o‘rinlarda qayd etildi. DV-2023 Green Card Lottery bo‘yicha eng ko‘p g‘olib Misrda qayd etilgan – 5 529 nafar. 5 526 nafar fuqarosi g‘olib bo‘lgan Jazoir ikkinchi o‘rinda. Ro‘yxatda 5 511 nafar g‘olib bilan O‘zbekiston uchinchi o‘rinda.

Keyingi o‘rinlarda mos ravishda Eron (5 506), Rossiya (5 505), Sudan (4 863), Marokash (4 469), Kongo (4 385), Ukraina va Nepal (bir xil 3 808 nafardan) hamda Armaniston (3 525) qayd etilgan.

Markaziy Osiyo davlatlarida ham ko‘p sonli fuqarolar grin-karta lotereyasida g‘olib bo‘lgan: Qozog‘iston (1 978), Qirg‘iziston (2 846), Tojikiston (2 485), Turkmaniston (555).

Ma’lumot uchun, grin-karta lotereyasi AQShda 1990 yilgi immigratsiya to‘g‘risidagi qonunga asosan ishlab chiqilgan loyiha hisoblanadi. Bu lotereya g‘oliblari AQShda yashash va ishlash huquqini beruvchi vizaga ega bo‘ladi. Lotereyani o‘tkazish, g‘oliblarni aniqlash va ularga viza berish bilan Davlat departamenti shug‘ullanadi.

Har yili 55 mingta vizaga ega chiqish uchun butun dunyo bo‘ylab 20 milliondan ko‘proq odam ariza topshiradi. Odatda g‘olib sifatida qayd etilgan ariza beruvchilarning 50 foizdan ko‘prog‘i viza bo‘yicha intervyudan o‘tgan taqdirdagina grin-karta vizasiga ega bo‘ladi.

Grin-karta vizasini qo‘lga kiritganlar lotereyada ishtirok etish uchun ariza berayotganda o‘z oila a’zolarini ham ro‘yxatdan o‘tkazgan bo‘lsa, ularni ham AQShga olib ketish huquqiga ega bo‘ladi.

Top