Jamiyat | 13:32 / 03.05.2024
24171
2 daqiqa o‘qiladi

«Ziki eski shahar» laqabi bilan tanilgan Lutfulla Umarovga sud hukmi o‘qildi

Toshkentda «Ziki eski shahar» laqabi bilan tanilgan, dekabr oyida o‘tkazilgan reyd chog‘ida qo‘lga olingan Lutfulla Umarov 6 yil-u 2 oyga ozodlikdan mahrum qilindi.

Foto: Toshkent shahri IIBB

«Ziki eski shahar» laqabi bilan tanilgan va 2023 yil dekabr oyida o‘tkazilgan reyd chog‘ida hibsga olingan Lutfulla Umarovga nisbatan hukm o‘qildi

Sud hukmi hujjatiga ko‘ra, sudlanuvchi 2023 yil may oyi oxirida Toshkent shahridagi jarlik hududidan 12 dona ko‘knori o‘simligi boshoqlarini topib, shamollashga qarshi dori deb do‘stiga saqlash uchun bergan.

7 dekabr kuni huquq-tartibot idoralari xodimlari tanishining xonadonini ko‘zdan kechirish chog‘ida umumiy massasi 9,64 gramm bo‘lgan, tarkibida opiy guruhiga mansub bo‘lgan alkoloidlar (kodein, tebain) bo‘lgan ko‘knori boshoqlari aniqlangan.

Lutfulla Umarov Jinoyat kodeksining 273-moddasi 2-qismi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ko‘p bo‘lmagan miqdorda qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki jo‘natish, shuningdek ularni ko‘p bo‘lmagan miqdorda qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan aybdor deb topilib, 6 yil-u 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Bundan oldin «Salimboy» nomi bilan tanilgan Salim Abduvaliyev sud hukmiga ko‘ra 6 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi. U noqonuniy tarzda qurol saqlashda ayblangan.