Qirğizistonda barça viloyat va tumanlar tugatilib, ularning örniga aymoqlar - okruglar taşkil etiladi. Bu haqda Davlat xizmati va mahalliy özini özi boşqariş işlari böyiça davlat agentligi direktori Elçibek Jantayevga tayanib, Kaktus.media xabar berdi.
Hozirgi vaqtda Qirğiziston yettita viloyatga bölingan bölib, ularda 40 ta tuman va 34 ta şahar mavjud.
«Tumandan katta, lekin viloyatdan kiçik bölgan aymoqlar taşkil etiladi. Qirğizistonda 40 ta tuman emas, balki 20 dan ortiq aymoq böladi. Har bir viloyatning öz salohiyati bor. Masalan, Issiqköl viloyatini janub va şimolga ajratiş mumkin. Jalolobod va Öş viloyatlarida kiçik tumanlar hamda rivojlaniş salohiyatiga ega tumanlar mavjud. Ular şu tamoyil asosida birlaştiriladi va söngra aymoqlarga bölinadi», - dedi Jantayev.
Aymoqlarga böliniş Qirğizistonda maʼmuriy-hududiy islohotning ikkinçi bosqiçiga ötişni anglatadi. Birinçi bosqiç 2023-yilda boşlangan edi. Uning doirasida ayrim tumanlarning çegaralari özgartirildi, bir qator aholi punktlari esa şaharlar tarkibiga kiritildi.
2026-yil aprel oyida mamlakat prezidenti Sadir Japarov islohot haqida eʼlon qilar ekan, yangi tizimni butun mamlakat böylab joriy etişdan oldin uni sinovdan ötkaziş va maromiga yetkaziş maqsadida dastlab sinov tariqasida tajriba aymoğini taşkil etiş rejalaştirilayotganini maʼlum qilgan edi.
«Bir, ikki, uç yil davomida uning qanday işlaşini kuzatamiz: özini özi mustaqil boşqara oladimi, respublika byudjeti dotatsiyasidan çiqa oladimi yoki yöqmi, şuni köramiz. Agar barçasi muvaffaqiyatli ötsa, u holda viloyat va tumanlarni tugatib, okruglar tizimiga ötamiz», - dedi prezident.

















