Mamlakatga tashrifi arafasida Anna Berde so‘nggi besh yil mobaynida o‘tkazilgan islohotlar natijasi va O‘zbekistonda 2030 yilgacha kambag‘allikni ikki baravarga qisqartirish, shuningdek, aholi daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kirish vazifasini amalga oshirish borasida hal qilish talab etiladigan muhim vazifalar to‘g‘risida fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Qayd etilishicha, so‘nggi besh yil mobaynida misli ko‘rilmagan iqtisodiy va ijtimoiy o‘zgarishlarni boshdan kechirgan O‘zbekiston uchun hal qiluvchi payt yaqinlashmoqda.

“Bundan besh yil avval O‘zbekistonda muvaffaqiyatli biznes yuritish oson ish emasdi. Xorijiy valuta muomalasiga qo‘yilgan cheklovlar tadbirkorlarning qo‘lidagi tushov edi. O‘zbekistonda valuta ayirboshlash umumiy hajmining deyarli yarmi norasmiy bozorlarda amalga oshirilar edi.

Mamlakatning soliq tizimi esa iqtisodiyot gardanidagi og‘ir yuk edi. Soliqlarning balandligi tufayli tadbirkorlar o‘z bizneslarini rivojlantirish yoki yangi ish o‘rinlari yaratishdan manfaatdor bo‘lmas, ishchi kuchiga qo‘yilgan yuqori soliqlar sabab ishchi yollash ish beruvchilarga o‘ta qimmatga tushardi. Soliq to‘lashdan qochish keng tarqalgan holat bo‘lib, budjetga kelib tushadigan soliq va yig‘imlar tushumi kam sonli yirik kompaniyalarga bog‘liq bo‘lib qolgandi.

Kuchli davlat nazorati biznes imkoniyatlarini cheklab kelgan. Tadbirkorlik faoliyatini litsenziyalashdagi murakkab talablar bozordagi raqobatning rivojlanishi va ishlab chiqarish-ta'minot zanjirining to‘laqonli faoliyat ko‘rsatishiga to‘sqinlik qilgan. Chegaradagi uzoq muddatli ushlanib qolishlar tadbirkorlar uchun xarajatlarning oshishiga va qimmatbaho meva-sabzavot mahsulotlarining iste'molga yaroqsiz holga kelishiga olib kelgan.

Ushbu cheklovlar nafaqat mahalliy tadbirkorlarning xarajatlari oshishiga olib kelgan, ular, shu bilan birga, samaradorlikni pasaytirib, korrupsiyaga keng yo‘l ochgan. Bu hol mamlakatda rasmiy tadbirkorlikdagi raqobatbardoshlikka putur yetkazar va yashirin iqtisodiyotning rivojlanishiga turtki berardi.

Besh yil avval mamlakatdagi vaziyat shunday edi. Bugungi kunda tadbirkorlik sharoitlari ancha yaxshilandi”, deydi Anna Berde.

Ta'kidlanishicha, xorijiy valuta bilan muomala qilish bugungi kunda muammo emas.

“Garchi norasmiy bozorlar butunlay yo‘qolib ketgan bo‘lmasa-da, bank va “bozor” kursi kamdan kam hollarda farq qiladi. Endilikda deyarli hech kim norasmiy bozor xizmatlaridan foydalanmay qo‘ydi.