O‘zbekiston | 22:54 / 12.05.2023
22884
4 daqiqa o‘qiladi

SSV Star Med klinikasining litsenziyasini bekor qilishni so‘rab sudga murojaat qildi

Ilk sud majlisi 15 may kuni bo‘lib o‘tadi.

Mittivine yumoristik loyihasi asoschisi Farhod Mannopov vafot etgan xususiy klinika litsenziyasidan mahrum bo‘lishi mumkin. Boisi SSV tomonidan ayni shu masalada sudga da’vo arizasi kiritilgan.

15 may kuni Zangiota tumanlararo iqtisodiy sudida mazkur ish yuzasidan sud jarayoni boshlanadi. Ilk sud majlisi soat 10:50 da belgilangan.

Kun.uz manbasining ma’lum qilishicha, Star Med klinikasi faoliyatini o‘rganish maqsadida SSV tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar yakuniga yetgan. Aniqlangan holatlar yuzasidan vazirlik mutaxassislari tomonidan hujjatlashtirilib, ish sudga oshirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Mittivine yumoristik loyihasi asoschisi, taniqli bloger Farhod Mannopov 2023 yil 5 martga o‘tar kechasi 27 yoshida Star Med klinikasida vafot etgandi. Holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 116-moddasi bilan ish ochilgan hamda u operatsiya qilingan Star Med klinikasi faoliyati vaqtincha to‘xtatilgandi.

Avvalroq SSV Farhod Mannopovning o‘limi yuzasidan Star Med Center klinikasida o‘tkazilgan tekshiruv natijalarini ochiqlagan, bemorga tibbiy xizmat ko‘rsatgan anesteziolog va reanimatolog, plastik jarroh, laborant shifokor hamda ultratovush tekshiruvlari shifokorida malakaviy toifa bo‘lmagani aytilgandi.

Ta’kidlanishicha, bemor Farhod Mannopovga tibbiy xizmat ko‘rsatishda Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 21 fevraldagi 80-son qarori bilan tasdiqlangan yagona Nizomda belgilab berilgan bir qator litsenziya talab va shartlari buzilgan. Xususan, Farhod Mannopov operatsiya qilingan Star Med Center klinikasida bemorga anesteziolog va reanimatolog sifatida xizmat ko‘rsatgan shifokor J.Q.da malakaviy toifa bo‘lmagan. Anesteziolog va reanimatolog shifokorning malakaviy toifasini tasdiqlovchi amaldagi hujjat taqdim etilmagan.

Blogerni operatsiya qilgan plastik jarroh shifokori ham yetarli tajribaga ega emas bo‘lib chiqqan. Unga operatsiya vaqtida plastik jarroh shifokori sifatida xizmat ko‘rsatgan shifokor E.A. Andijon davlat meditsina institutining davolash ishi, umumiy amaliyot shifokori yo‘nalishini 2019 yil 17 iyunda tugatgan.

Mazkur mutaxassisning ish staji besh yil bo‘lmaganligi uchun undan davolash ishi, umumiy amaliyot shifokori yo‘nalishida tibbiy faoliyat yuritishi, shuningdek, plastik jarrohlik bo‘yicha ambulator sharoitda bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatishi uchun malaka toifasiga ega bo‘lishi talab etilmagan. Biroq u bemor Mannopovga tibbiy xizmat ko‘rsatishi uchun kamida birinchi malakaviy toifaga ega bo‘lishi kerak bo‘lgan. Lekin “OMAD PLYUS” MChJ tomonidan plastik jarroh shifokori E.A.da malakaviy toifasi bo‘lmagan bir vaziyatda bemorga tibbiy xizmat ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yilgan.

Bundan tashqari, bosh va burun sohasidan jiddiy jarohat olgan blogerga tibbiy xizmat ko‘rsatgan laborant shifokor J.Sh. hamda ultratovush tekshiruvlari shifokori R.S.ning o‘zlari faoliyat yuritayotgan tibbiy ixtisosliklar bo‘yicha malakaviy toifalarini tasdiqlovchi amaldagi hujjatlar tekshiruvda taqdim etilmagan.

Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsuddinovga ko‘ra, Mannopovning o‘limi yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tergov davom etmoqda. Ushbu ish bo‘yicha sud jarayoni alohida o‘tkaziladi.

Mavzuga oid