O‘zbekiston | 12:10 / 10.09.2020
96994
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyati bosh infeksionisti hibsga olindi

Chirchiq shahrida joylashgan Toshkent viloyati yuqumli kasalliklari shifoxonasi bosh shifokori, Toshkent viloyati bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldosheva 8 sentabr kuni hibsga olingan. Bu haqida BBC News O’zbek xabar berdi.   

Toshkent viloyati bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldosheva

Kun.uz muxbiri Guljahon Yo‘ldoshevaning singlisi Shahlo Yo‘ldosheva bilan bog‘langanida u bu ma'lumotni tasdiqladi, ammo ayni vaqtda G.Yo‘ldoshevaga qanday ayblov qo‘yilganini bilmasligini, opasi koronavirusga chalinib davolanganini, hibs etilishidan bir kun oldin shifoxonadan chiqqanini, sog‘ligi hali to‘liq tiklanmaganini, hibsga olinishi natijasida ikki va uch yoshli farzandlari onasidan ajratilganini aytib berdi. Shahlo Yo‘ldosheva opasiga nisbatan 250 million so‘mlik mablag‘ni talon-toroj qilish bo‘yicha ayblov qo‘yilayotganini aytgan.

Avvalroq Guljahon Yo‘ldosheva Kun.uz saytiga intervyu berib, pandemiya sharoitida u boshchilik qilgan kasalxonaga kerakli tibbiy uskunalar ajratilmayotgani va rahbarligi ostida koronavirus bemorlarini o‘zi va oilasi hayotini xavf ostiga qo‘yib davolagan tibbiyot xodimlarining mehnati munosib rag‘batlantirilmayotganini, og‘ir vaziyatda Toshkent viloyati tibbiyot boshqarmasi tomonidan kerakli yordam berilmaganini aytgan edi.

Jumladan, Guljahon Yo‘ldosheva o‘zi boshchilik qilgan kasalxona birinchilardan bo‘lib koronavirusga chalingan bemorlarni qabul qilgani, iyul oyi o‘rtasidan shifoxona og‘ir ahvoldagi bemorlar bilan to‘lgani, o‘lim holatlari kuzatilgani, biroq shunga qaramay, viloyat tibbiyot boshqarmasi tomonidan ushbu kasalxonada koronavirus bemorlari davolanayotgani tan olinmagani haqida so‘zlagan edi.

Keyinroq, bu masalada viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i To‘raqul Arziqulov munosabat bildirib, Chirchiqdagi shifoxona COVID-19'ni davolashga ixtisoslashmaganini, G.Yo‘ldosheva asossiz ma'lumotlar tarqatayotganini aytgandi. Biroq mazkur kasalxona KOVID-19ga chalinganlarni davolagani va og‘ir pandemik vaziyatda kerakli tibbiy texnika bilan ta'minlanmagani borasida aytilgan iddaolarga yetarlicha izoh bermagan edi.

Kun.uz muxbiri Guljahon Yo‘ldoshevaning hibsga olinishi bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan izoh olish maqsadida Bosh prokuraturaning jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limiga murojaat qildi. Bo‘lim boshlig‘i Hayot Shamsutdinov ushbu masala yuzasidan qisqa fursatlarda axborot berilishini ma'lum qildi.

Ma'lumotlarga ko‘ra Guljahon Yo‘ldosheva 2018 yil sentyabrdan buyon Toshkent viloyati yuqumli kasalliklari shifoxonasi bosh shifokori, Toshkent viloyati bosh infeksionisti lavozimida ishlab keladi. 6 nafar farzandning onasi, farzandlarining kichigi shu yilning 20 sentyabrida ikki yoshga to‘ladi.

Kun.uz rasmiy idoralarning voqea tafsilotlariga oid axborotini kutib qoladi. 

 

Mavzuga oid