O‘zbekiston | 16:54 / 11.05.2020
21371
3 daqiqa o‘qiladi

Senat tomorqa bo‘yicha jarima qo‘llash haqidagi qonunni ma'qullamadi

Senat Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tomorqadan oqilona foydalanish bo‘yicha tuzatishlar kiritishni ko‘zda tutgan qonunni rad etdi. Senatorlar qonundagi noaniq tushunchalar korrupsiyaga olib kelishi mumkinligiga e'tibor qaratishgan.

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining to‘rtinchi yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga tomorqa yer uchastkalaridan oqilona foydalanilishini ta'minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida»gi qonun muhokama qilindi.

Senat matbuot xizmati xabar berishicha, tomorqa yer uchastkalaridan samarali foydalanmaganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi bo‘yicha hujjat senatorlar tomonidan rad etilgan.

  • MJTK yerga egalik qiluvchining taklifiga asosan belgilangan qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish haqida rasman ogohlantirilganiga qaramay tomorqa yer uchastkasidan asossiz ravishda oqilona foydalanmaganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi 651-modda bilan to‘ldirilishi rejalashtirilgandi.

«Biroq ushbu norma amaliyotda turlicha talqin qilinishiga olib kelishi mumkin. Jumladan, undagi tomorqa yer uchastkasidan «asossiz ravishda» yoki «oqilona» foydalanmaslik yoxud «samarasiz» foydalanish kabi tushunchalar qonun hujjatlarida ochib berilmagan. Bu esa tegishli idoralar tomonidan javobgarlikka tortishda korrupsiya va boshqa suiiste'molliklarga zamin yaratadi», deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, mazkur qo‘shimcha tez orada o‘zining dolzarbligi va ahamiyatini yo‘qotishi qo‘shimcha qilingan.

Qayd etilishicha, hozirda «Shaxsiy tomorqa xo‘jaligi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda. Unda yuqoridagi kabi qonun hujjatlarda mavhum bo‘lgan tushunchalarni ochib berish, shaxsiy tomorqadan samarali foydalanish va aholi daromadini oshirish masalalariga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, parlament quyi palatasining 2020 yil 16 aprel kuni bo‘lib o‘tgan majlisida deputatlar «O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida»gi qonun loyihasini muhokama qilgandi.

Deputatlar tomorqa yerlardan unumli foydalanmaganlik uchun ma'muriy javobgarlik belgilanishi ko‘zda tutilgan ushbu loyihani ma'qullashgandi. Unga ko‘ra, tomorqaga o‘z tanlovi asosida biror qishloq xo‘jalik ekini ekmagan fuqarolar avval ogohlantirilishi, keyin bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solinishi, agar mazkur holat ma'muriy jazo chorasi qo‘llanganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa, bu qiymat uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda bo‘lishi belgilanishi ko‘zda tutilgandi.

Mavzuga oid