
NATOning Madriddagi sammiti ishtirokchilari alyans xavfsizligi bo‘yicha 2030 yilga qadar amal qiluvchi yangi strategik konsepsiyani qabul qilishdi, unda Rossiya asosiy tahdid sifatida keltirilgan. NATO davlatlari Kremlning Ukrainaga qarshi tajovuzi xalqaro tinchlik va barqarorlikka putur yetkazganini ma’lum qilishgan, shuningdek tezkor harakatlanish kuchlari soni oshiriladi. Shu bilan bir vaqtda AQSh prezidenti Jo Bayden Rossiyaning Ukrainaga hujumiga javoban Yevropadagi Amerika harbiy kontingenti kengaytirilishi haqida rasman e’lon qildi.
Madrid sammiti chog‘ida NATO Rossiyaga nisbatan rasmiy munosabatini o‘zgartirdi, bu davlat 2010 yildan buyon alyansning «strategik hamkori» sanalgan. Chorshanba kuni qabul qilingan deklaratsiyada shunday deyiladi: «Rossiya Federatsiyasi ittifoqchilar xavfsizligiga, shuningdek Yevroatlantika mintaqasidagi tinchlik va barqarorlikka eng asosiy va bevosita tahdid hisoblanadi».
Hujjatda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi «xalqaro huquqning qo‘pol ravishda buzilishi» deb atalgan. Alyans Moskvani «butun dunyo bo‘ylab milliardlab odamlarga ta’sir ko‘rsatayotgan oziq-ovqat va energetika inqirozini qasddan kuchaytirish»da ayblagan. G‘arb davlatlari Ukraina portlari blokadasida Rossiyani aybdor hisoblaydi, bu tufayli Kiyev o‘z oziq-ovqat mahsulotlarini jahon bozoriga chiqara olmayapti.
Sammit yakunida ma’qullangan konsepsiya Ukrainaga bundan buyon harbiy va moliyaviy yordam ko‘rsatishni davom ettirish bo‘yicha va’dalarni o‘z ichiga oladi, matnda ushbu davlat NATOning «yaqin hamkori» deb atalgan. Alyans bosh kotibi Yyens Stoltenberg blok Ukrainani zarur bo‘lgan vaqtga qadar qo‘llab-quvvatlashi va kelgusida Ukraina qurolli kuchlari sovet qurollaridan NATO qurollariga o‘tishi ta’minlanishini ma’lum qilgan.
Rossiya ko‘p marta NATOning sharqqa qarab kengayishiga, xususan Varshava kelishuvining sobiq ishtirokchilari va o‘tmishda SSSR tarkibida bo‘lgan Boltiqbo‘yi davlatlari alyansga kirishiga qarshi chiqqan. Shuningdek, Kremldagilar Ukrainaga nisbatan harbiy tajovuzni ushbu mamlakatning kelgusida Shimoliy Atlantika alyansiga kirmoqchi bo‘layotgani bilan oqlamoqchi bo‘lgan.
Deklaratsiyada Ukraina kelgusida alyans a’zosi bo‘lishi mumkinligi borasida hech qanday gap yo‘q, ammo NATO «Yevroatlantikada tinchlik, barqarorlik va umumiy xavfsizlik maqsadlarini qo‘llab-quvvatlash uchun Bosniya va Gersegovina, Gruziya va Ukraina bilan hamkor aloqalarini rivojlantirish»ni va’da qilgan. «Biz 2008 yilgi Buxarest sammitida qabul qilingan qarorlarimizni hamda Gruziya va Ukrainaga oid keyingi barcha qarorlarimizni yana bir bor tasdiqlaymiz», deyilgan hujjatda.















