O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Mahalliy eksport qiluvchi tashkilotlarni yanada qo‘llab-quvvatlash va tashqi iqtisodiy faoliyatni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori e'lon qilindi.
Ushbu hujjat tashqi iqtisodiy faoliyatni yanada liberallashtirish, eksportga mahsulot yetkazib berishni ko‘paytirishni rag‘batlantirish, mahalliy eksport qiluvchi tashkilotlarning raqobatdoshligini va moliyaviy barqarorligini oshirish, ortiqcha va eskirgan ruxsat berish tartibotlarini bekor qilish orqali ishbilarmonlik muhitini takomillashtirish maqsadida qabul qilingan.
Unga ko‘ra, shu yilning 1 iyulidan boshlab barcha tadbirkorlik sub'yektlariga yangi meva-sabzavot mahsulotlari, uzum va poliz mahsulotlarini to‘lovni oldindan 100 foiz amalga oshirish sharti bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida eksport qilish huquqi berildi.
«Ta'kidlash joizki, ushbu choralar meva-sabzavot mahsulotlarining eksportini kengaytirish bilan birgalikda dehqon va fermer xo‘jaliklarini tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish, yer resurslaridan samarali foydalanish, shu jumladan, takroriy ekinlar ekish hisobiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hosildorligini oshirishga rag‘batlantiradi. Bu esa o‘z navbatida, ishlab chiqarilayotgan meva-sabzavot mahsulotlarining narxi va sifati bo‘yicha tashqi bozorlarda raqobatdoshligini oshirish imkonini beradi. Eng muhimi, dehqon va fermer xo‘jaliklari yetishtirgan mahsulotlarining haqiqiy egasi sifatida ulardan o‘z ixtiyoriga ko‘ra foydalanish, mustaqil eksport qilish, daromadlarini oshirish, oilasining moddiy farovonligini ko‘tarishlari mumkin bo‘ladi, qo‘shimcha valyuta tushumlari esa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishni kengaytirish va ularni chuqur qayta ishlash bo‘yicha yangi loyihalarni investitsiyalash uchun imkoniyat yaratadi», deyiladi O‘zA sharhida.
Shu bilan birga, mahalliy meva-sabzavot mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarish uchun chet elda qabul qilingan me'yor va standartlarga mahsulotlarning muvofiqligini ta'minlash bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirish talab etiladi. Shu maqsadda Prezident qarori bilan Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligiga bir oy muddatda milliy qonunchilik hujjatlariga xalqaro karantin qoidalarini tatbiq etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash topshirilgan.
Qabul qilingan qarorning muhim jihatlaridan biri, nafaqat mahsulot ishlab chiqaruvchilarga, balki mahsulotlarni chet elga eksport qilishda mahalliy ishlab chiqaruvchilarga ko‘maklashadigan tashqi savdo tashkilotlariga ham eksport faoliyatini amalga oshirishda teng sharoitlar yaratildi. Bundan tashqari, ishlab chiqaruvchi-eksport qiluvchilar uchun qo‘llaniladigan amaldagi qonunchilikda ko‘zda tutilgan imtiyoz va qulayliklar endilikda mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari eksporti bilan shug‘ullanadigan barcha tadbirkorlik sub'yektlariga tatbiq etiladi. Bu eksport bilan tegishli tajriba va zarur mablag‘larga ega, doimiy ravishda jahon bozori kon'yunkturasini kuzatib boradigan hamda tashqi bozorlarda ishonchli hamkorlari bor ixtisoslashgan kompaniyalarning mahsulotlar eksporti bilan shug‘ullanishi xalqaro amaliyotga to‘liq mos keladi.










