Iqtisodiyot | 14:31 / 08.08.2024
4767
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning rasmiy zaxiralari rekord miqdor – 37,4 mlrd dollarga yetdi

Shundan 29,2 mlrd dollarlik qismi oltin, 7,7 mlrd dollarlik qismi xorijiy valutadagi aktivlardan iborat. Iyul oyi davomida zaxiralarning umumiy hajmi 1 mlrd dollarga ko‘paygan. Xususan, zaxira oltinlar qiymati 1,8 mlrd dollarga oshgan bo‘lsa, valutadagi aktivlar 782 mln dollarga kamaygan.

Foto: Akio Kon / Bloomberg

1 avgust holatiga O‘zbekistonning rasmiy zaxiralari 37,4 mlrd dollarga yetdi. Bu bir oy oldingidan 1,06 mlrd dollarga ko‘p.

Zaxiralarning ushbu qiymati ma’lumotlarni ochiqlash boshlangan 2018 yildan keyingi davr uchun rekord ko‘rsatkich hisoblanadi. Shunday bo‘lsa-da, 37,4 mlrd dollar bu 12 oylik importni qoplash uchun yetadi, avval bu ko‘rsatkich 20 oy bo‘lgan.

Xalqaro rezervlar qiymatining oshishi asosan oltin zaxirasi va narxining oshishda davom etayotgani bilan bog‘liq. Zaxiralar tarkibida oltinning fizik hajmi o‘tgan oy davomida 310 ming unsiya (9,64 tonna)ga oshib, 12,05 mln unsiya (374,8 tonna)ga, qiymati esa 29,15 mlrd dollarga yetgan (+1,84 mlrd dollar).

Markaziy bank izohiga ko‘ra, iyul oyida oltin narxining 2327,6 dollardan 2419,6 dollargacha ko‘tarilishining ta’siri +1,11 mlrd dollarni tashkil etgan.

Xorijiy valutadagi aktivlar iyulda 781,5 mln dollarga kamayib, 7,69 mlrd dollarga tushgan. Valutadagi aktivlar yil boshidan buyon 1,68 mlrld dollarga kamaygan bo‘lib, bunga 2019 yilda chiqarilgan 500 mln dollarlik suveren yevroobligatsiyalarning so‘ndirilishi ham ta’sir ko‘rsatgan.

Markaziy bank tomonidan sotib olingan qimmatli qog‘ozlar qiymati 35,3 mln dollarni tashkil etgan.

Mavzuga oid