22:27 / 15.04.2020
270773

Yodgor Sa'diyev «Shaytanat»ning yakuniy qismi nega namoyish etilmaganiga izoh berdi

«Shaytanat» serialining yakuniy 21-qismi «Zo‘r TV» telekanalida namoyish etilmadi. Telekanalning 15 aprelga mo‘ljallangan teledasturlari ro‘yxatidan «Shaytanat» seriali ham joy olgandi. Biroq soat 20:00dan boshlab tomoshabinlar uchun boshqa serial namoyishi boshlandi.

Foto: KUN.UZ

Bu esa turli mish-mishlarga sabab bo‘ldi. Kun.uz muxbiri bunga izoh olish uchun serial rejissyori va bosh rol ijrochisi, O‘zbekiston xalq artisti Yodgor Sa'diyev bilan bog‘landi.

«Biz film namoyishi boshlanishidan avval o‘tkazilgan maxsus telepremerada «Shaytanat» 21-qism bilan tugaydi deb aytgandik, ammo har xil mish-mishlar paydo bo‘ldi. Emishki, «Shaytanat»ning 22, 23 va 24-qismlari ham bor ekan. Bunday gap tarqatayotganlar bilib qo‘yishsin, «Shaytanat» 21-qismda tugaydi.

Ekranlarga chiqmagan yangi 21-qism haqida gapiradigan bo‘lsam, u hali tayyor emas. Hozir mamlakatda karantin, shu sabab montaj, ovoz berish jarayonlarini karantindan so‘ng davom ettiramiz va tayyor bo‘lgach, katta ekranlarda namoyish qilamiz. Shu o‘rinda serialning 21-qismi «Zo‘r TV»da efirga uzatilishi rejalashtirilmaganini aytishim kerak», dedi Yodgor Sa'diyev.

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik tomonidan o‘tgan asrning 90-yillarida yozilishi boshlangan «Shaytanat» asari jami beshta kitobdan iborat bo‘lib, millionlab nusxada chop etilgan.

Asarda bosh rol - Asadbekni O‘zbekiston xalq artisti Yodgor Sa'diyev ijro etgan. Serial voqealari o‘tgan asrning 80-yillarida bo‘lib o‘tadi va undagi qahramonlarning barchasi to‘qima obraz ekani aytilgan.

90-yillar oxirida Yodgor Sa'diyev rahbarligidagi «Qalqon» studiyasi tomonidan ishlangan «Shaytanat» seriali 20-seriyada to‘xtab qolgan va serial 20 yil mobaynida televideniyega qaytarilmagan.

 

Top