Jurnalist Shuhrat Shokirjonov qo‘shiqchilarning soliq to‘lashi kerakligi mavzusini yana davom ettirdi va o‘z pozitsiyasini yanada kengroq bayon qildi. U shu mavzudagi ikkinchi maqolasida birinchi maqoladan keyin bildirilgan e'tirozlarga javoblar qaytargan.

Maqolani savol bilan boshlamoqchiman: 

O‘zbekiston Qahramoni unvoni nufuzliroqmi yo ayrim artistlarimizning «O‘zbekiston xalq artisti» unvonimi?

Urush qatnashchilari davlat tomonidan ko‘rsatiladigan imtiyozga loyiqmi yoki to‘rt muchasi soppa-sog‘ «xizmat ko‘rsatgan artist»larimizmi?

Doimiy parvarishni talab qiladigan farzandi bilan birga yashab, uni tarbiyalayotgan ota-onadan biri ko‘mak va ardoqqa muhtojroqmi yoki biror tayinli qo‘shig‘i bo‘lmasa-da, somon qo‘shilgan «loysuvoq»qa arzimasa-da, o‘zlarini «Somon yo‘li galaktikasida xizmat ko‘rsatgan megayulduz» hisoblovchi «otarchi»lar?

Nega unda solishtirishda birinchi sanalganlar daromadidan soliq to‘lashda qisman imtiyozga ega-yu, «O‘zbekkonsert»ning tegishli litsenziyasini qo‘lga kiritgan barcha turdagi san'atkorlar Soliq kodeksiga ko‘ra, to‘y-tomoshalardan topgan daromadlaridan soliq to‘lashdan to‘liq ozod qilingan?

Kuni-kecha Kun.uz saytida e'lon qilingan «Ozodbek Nazarbekov to‘g‘ri gapirdi, lekin...» maqolasi san'atimizning yosh va o‘rta avlod vakillariga murojaat edi. Agar ularni bir futbol jamoasiga qiyoslansa, uning sardoriga murojaat — aslida butun jamoaga murojaat hisoblanganidek, gap faqat Ozodbek Nazarbekov haqida emas edi. Bilamiz, ushbu san'atkorimiz shak-shubhasiz, zamonaviy san'atimizning darg‘asi hisoblanadi, juda ko‘p narsada aksariyatga o‘rnak bo‘lib kelgan, kelayapti, bo‘la oladi. Maqolaning so‘ngida «gapirmang», deganimda ham u kishi nazarda tutilmagandi. Albatta, O.Nazarbekov, Sh.Qayumov, G‘.Yoqubov kabi ustoz san'atkorlarning har qancha so‘zga chiqishga haqlari bor. 

Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pchilik o‘quvchilar maqola mohiyatini noto‘g‘ri tushunib, yoppasiga Ozodbek Nazarbekovni tanqid ostiga olishgan, o‘zlaricha talqin qilishgan. Yana bir marta takrorlayman, maqola O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov haqida emas. 

Maqola e'lon qilinganidan keyin ijtimoiy tarmoqlardagi sharhlar orasida «jurnalistlar birovning pulini sanashi yaxshi emasligi», «otarchilarning soliq to‘lashi bilan jurnalist emas, soliq idoralari shug‘ullanishi kerakligi» haqida o‘zbekona koyishnamo maslahatlaru izohlar ham uchrayapti. Shu narsa oydinlashayaptiki, litsenziya uchun haqni to‘lab qo‘ydikmi, soliqdan ozodmiz yoki litsenziya to‘lovi — o‘sha soliq degani, deb tushunuvchilar juda ko‘p ekan.