O‘zbekiston | 11:40 / 20.03.2021
6746
4 daqiqa o‘qiladi

Yangihayot tumanida joylashgan eski turar joylar yangilanadi

Vazirlar Mahkamasining “Yangihayot tumanida joylashgan eski turar joylarni investorlar mablag‘larini jalb qilgan holda yangilash choralari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, Yangihayot tumani hududi Yo‘ldosh (avvalgi Sputnik) massivida jami 432ta, o‘tgan asrning 60-70 yillarida “fin texnologiyalari asosida” qurilgan ikki qavatli, ko‘p kvartirali uylar mavjud. Mazkur uylar Toshkent zilzilasidan jabr ko‘rgan fuqarolarni qisqa muddatlarda uy-joy bilan ta'minlash maqsadida tez quriluvchi blokli yog‘och qismlardan, Finlandiya tajribasi asosida barpo etilgan.

O‘rganishlarga ko‘ra:

  • mazkur uylarda joylashgan 4559ta kvartira mavjud;
  • uylar texnik holati qoniqarsiz bo‘lib, qurilish konstruksiyasi tabiiy sharoit natijasida (quyoshli ob-havo) qurigan hamda yong‘in xavfsizligi talablariga javob bermaydi;
  • mazkur uylardan foydalanish muddatini uzaytirish uchun rekonstruksiya qilish imkoniyati mavjud emas va to‘liq qayta qurishni talab etadi.

Qaror loyihasiga ko‘ra, Yangihayot tumani Yo‘ldosh mavzesida joylashgan eski, yog‘ochdan qurilgan ikki qavatli ko‘p kvartirali uylarda yashovchi aholini zamonaviy shaharsozlik va energiya tejamkorlik talablari asosida qurilgan yangi uylarga ko‘chirish orqali yashash sharoitlarini yaxshilash (renovatsiya dasturi) nazarda tutilgan.

Renovatsiya dasturi doirasida:

  • eskirgan uylarda yashovchi mulkdorlarga berish uchun “yashashga tayyor” shartlarda, “buzilgan kvartira maydoniga teng maydonli kvartira” tamoyili asosida kvartiralar qurish;
  • qurish ishlarini tashkillashtirish va moliyalashtirish uchun Toshkent shahar hokimligi ta'sischiligida davlat unitar korxonasi shaklida “Invest in Yangihayot” direksiyasi tashkil etish;
  • aholi uchun yangi, energiya tejamkor uylar qurishni moliyalashtirish uchun tijorat banklari kreditlarini jalb qilish;
  • eskirgan uylarni buzish natijasida bo‘shagan yer maydonlarini investorlarga direksiya ko‘chirish xarajatlariga teng qiymatda (bank krediti asosiy qarzi + hisoblangan foizlar, loyihalash va saqlash xarajatlari) to‘lov evaziga ajratish ko‘zda tutilgan.

Mazkur loyihani amalga oshirish uchun:

  • “Invest in Yangihayot” direksiyasi tashkil etiladi;
  • direksiyaga yangi ko‘p kvartirali uylar qurish uchun Yangihayot tumani hududidan 20 ga yer maydoni ajratiladi;
  • yangi ko‘p kvartirali uylarni loyihalash va qurish, obodonlashtirish ishlarini moliyalashtirishga tijorat banklari kreditlari Toshkent shahar hokimligi balansida bo‘lgan ko‘chmas mulk obektlari ipoteka shartnomasi asosida taqdim etilgan holda jalb qilinadi.

Mazkur qaror loyihasini amalga oshirish natijasida:

  • 2021-2022 yillarda Yangihayot tumanida 4559ta yangi kvartira qurilib, eskirgan uylardagi kvartiralar mulkdorlariga berish orqali ularning yashash sharoitlari yaxshilanadi;
  • eskirgan uylarni buzish natijasida bo‘shagan yer maydonlari investorlarga, aholini ko‘chirish uchun sarflangan mablag‘lar (uy qurish uchun olingan kredit asosiy qarzi va foiz to‘lovlari, direksiya saqlash xarajatlari) qiymatiga teng ravishda, yangi loyihalarni amalga oshirish uchun ajratib beriladi;
  • Yangihayot tumanida amalga oshiriladigan qurilish ishlari natijasida Toshkent shahrida 2021-2022 yillarda 1,140 trln so‘mdan ortiq qurilish ishlarini amalga oshirish orqali qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilar va pudrat tashkilotlariga talab oshadi va 250 mlrd so‘mdan ortiq qo‘shimcha soliq tushumlari tushishiga erishiladi.

Mavzuga oid